OAV va ijtimoiy tarmoqlarda “Maxsus buyurtma” asosida turli bo’hton va asossiz xabarlarning tarqatib borilayotganligi, nafaqat milliy brendning nufuziga, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sirini ko’rsatmoqda, deya xabar beriladi “UzAutoMotors” ning rasmiy saytida.

Birinchidan, bunday xabarlar tarqalishi joriy yilning avgust-sentyabr oylarida “UzAutoMotors"AJ kunlik tushumini qariyb 30−40 mlrd. so’mga keskin kamayishiga yoxud joriy yilning avgust-sentyabr oylarida belgilangan rejani 562 mlrd. so’mga kam bajarilishiga sabab bo’lgan.

Bunday yo’qotishlar albatta, Jamiyatning mazkur tushumlarga mutanosib ravishda davlat byudjetiga soliq va boshqa ijtimoiy to’lovlar to’lashiga to’sqinlik qilgan.

Mablag' taqchilligi yuzaga kelishi natijasida sentyabr oyida rejalashtirilgan akkreditiv to’lovlari va xorijiy hamkorlarga yo’naltiriladigan to’lovlar oktyabr-noyabr oylarida kechiktirib to’langan.

Ikkinchidan, ushbu xabarlar O’zbekiston investitsiya jozibardorligiga salbiy ta’sir ko’rsatib, aksariyat investorlarda yurtimizga investitsiyalar olib kirishida ikkilanishlar paydo qilmoqda.

Uchinchidan, xorijiy hamkorlar bilan Jamiyatning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, zavodning texnik jihozlarini modernizatsiya qilish va aylanma mablag’larini ko’paytirish borasidagi 150 mln. yevro miqdoridagi davlat ahamiyatiga molik hamkorlik kelishuvini kechikishiga ham aynan shunday xabarlar sabab bo’lgan.

Yuridik departement direktori R.Shaymardanov bir qator qonun hujjatlarini sanash davomida, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda jurnalistika etikasiga rioya qilinmay, davlat va xizmat siri hisoblangan ma’lumotlarni oshkor qilish harakatlari “UzAutoMotors” kompaniyasining ishchanlik obro’siga va jamiyatning qonun bilan qo’riqlanadigan huquq hamda manfaatlariga ziyon yetkazish deb hisoblanib, javobgarlikka tortish uchun asos bo’ladi, deya ta’kidlagan.