Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari tomonidan koronavirus pandemiyasining ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlariga ta’siri tahlil qilindi. Bu haqda Spot’ga markazning matbuot xizmati xabar berdi.

KO’CHMAS MULK BOZORI

Koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq karantin cheklovlari joriy etilgunga qadar respublikamiz ko‘chmas mulk bozorida talab har oyda o‘rtacha 6−7% ga oshib borgan. Toshkent va Toshkent viloyatidagi ko‘chmas mulk bozorlaridagi savdolar umumiy bozor hajmining 40−45%ini tashkil etgan.

Aprel oyidan boshlab butun mamlakat bo‘ylab lokdaun joriy qilindi, bu esa ko‘chmas mulkka bo‘lgan talabning 2019-yilning shu davriga nisbatan 87,1% (Toshkent viloyatida 94,2% va Toshkent viloyatida 89,8%)ga kamayishiga olib keldi.


May va iyun oylarida respublika bo‘yicha ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni mos ravishda 25,9% va 135,2% ga yuqorilab ketdi. O’sish doimiy ro‘yxatga olish tartibini soddalashtirilishi va may oyidan boshlab karantin choralarini bosqichma-bosqich yumshatilishi bilan izohlanadi.

2020-yilning sentyabriga kelib, ko‘chmas mulk bozorida talab yana o‘zining uzoq muddatli trendiga qaytdi. Xususan, sentyabr oyida ko‘chmas mulk oldi-sotdilari soni o‘tgan oyga nisbatan 24,2% ga (2019 yilning mos davriga nisbatan 41,7%ga), oktyabr oyida — 1,7% ga (24,8% ga), noyabr oyida —0,5% ga (22,9% ga) va dekabr oyida — 20,9% ga (-17,1% ga) oshdi.

AVTOMOBIL BOZORI

Respublikada birlamchi va ikkilamchi bozorlarda avtomobil savdosining oylik o‘sishi o‘rtacha 2−3% ni tashkil etadi. 2020-yilning mart oyi o‘rtalaridan qat’iy karantin tadbirlarini joriy etilishi natijasida mart oyida ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni 2019-yilning shu davriga nisbatan 17,3%ga (o‘tgan oyga nisbatan 34,6%ga), aprel oyida esa 73,8%ga (63,1%ga) kamaydi.

May oyidan boshlab avtomobil bozoridagi vaziyat yana tiklana boshladi. Xususan, iyun oyida avtomobil savdosi 2019-yilning shu davriga nisbatan 14,8%ga oshdi. Lekin, 10 iyuldan 15-avgustgacha karantin tadbirlarini qayta joriy etilishi natijasida iyul oyida avtomobil bozoridagi faoliyat may-iyun oylariga nisbatan biroz sekinlashdi.

Xususan, mazkur oyda ro‘yxatga olingan avtomobillar soni 2019-yilning iyul oyiga nisbatan 20,2%ga kamaydi. Shunday bo‘lsa-da, avgust oyida, avtomobil savdosi hajmi 2019-yilning mos davriga nisbatan 3,8% o‘sdi (o‘tgan oyga nisbatan 54,3%).


Sentyabr oyidagi savdolar oldingi oyga nisbatan 0,5%ga (2019-yil sentyabr oyi bilan taqqoslaganda 29,5%) oshdi. Oktyabr oyida o‘sish sur’ati sentyabr oyiga nisbatan 2% (2019-yil oktyabr oyiga nisbatan 19,2%) tashkil etdi. Noyabr-dekabr oylarida bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan biroz (mos ravishda 1,7% va 1,9% ga) pasaydi. Biroq, 2019-yilda tegishli davri bilan taqqoslaganda, savdolar hajmi noyabr oyida 9%ga va dekabr oyida 10%ga oshdi.

Umuman olganda, 2020-yilda avtomobil savdosi hajmi 2019-yilga nisbatan 2,5%ga kamaydi. Bu mart, aprel va iyul oylarida avtomobil savdosining keskin pasayishi bilan izohlanadi.
Shunga qaramasdan, 2020-yil avgust oyiga kelib, ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlaridagi vaziyat o‘zining uzoq muddatli trendiga qaytgani aholi talabining tiklanib borayotganligini ko‘rsatmoqda.