Prezident Shavkat Mirziyoev mashinasozlik tarmog‘ini transformasiya qilish va sohada raqobatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur tarmoq mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi yo‘nalishlaridan bo‘lib, sanoatdagi ulushi 11 foizni tashkil qiladi. Shu bilan birga, hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu sohada ishlab chiqarishni bir necha barobar oshirish imkoniyati bor.

Mirziyoyev lokalizasiya darajasidan kelib chiqib, ishlab chiqaruvchilar uchun bir xil sharoitlar joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bunda, avtomobillarni sanoat usulida yig‘ish, yiliga 50−60 mingta hamyonbop avtomashina va elektromobillar ishlab chiqarishga investisiya kiritish zarurligi ta’kidlandi.

Joriy yilda Xorazmda kuzov detallarini tayyorlash korxonasi, Andijonda 4 ta, Navoiy viloyatida 2 ta mahalliylashtirish loyihalari ishga tushiriladi. Kooperatsiya platformasi doirasida 122 ta xususiy korxona ishtirokida yana 80 ta detal ishlab chiqarish mahalliylashtiriladi.

Xorijiy mutaxassislar ishtirokida “O‘zavtosanoat” faoliyatini transformasiya qilish ofisini tashkil etish bo‘yicha Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mas’ul etib belgilandi.

1-iyulga qadar tarmoq tarkibidagi 40 ta korxonani transformasiya qilish boshlanadi. Tarmoqda raqobat muhitini rivojlantirish uchun kompaniya tarkibidagi ehtiyot va butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan 23 ta korxonani xususiylashtirishga tayyorlash lozimligi qayd etildi. “O‘zavtosanoat"ning asosiy faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan 14 ta tashkilotdagi ulushlarini sotuvga chiqarish vazifasi yuklatildi.

Mutasaddilarga korxonalarning bo‘sh yer maydonlarini optimallashtirish, texnikalar tannarxini 30 foizgacha tushirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Hamyonbop texnikalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shu yil yakunigacha ularning lokalizasiyasini 30 foizga, kelgusi yilda esa kamida 45 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Oldinroq Spot, 2021−2023-yillarga mo’ljallangan Investitsiya dasturida avtomobil sohasida qanday o’zgarishlar kutilayotgani haqida yozgan edi.