O‘zbekiston Energetika vazirligi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, “ACWA Power” kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik tufayli 2020-yil mart oyida imzolangan kelishuvlar ijrosi doirasida O‘zbekistonda ekologik toza energiya ishlab chiqarishni 2500 MVtga oshirish bo‘yicha energetika loyihalari ijrosi yo‘lida uchta asosiy bosqich amalga oshirildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar beradi.

Quvvati 1500 MVt bo‘lgan Sirdaryo viloyatida issiqlik elektr stansiyasi qurilishi loyihasini boshlash marosimi ikki mamlakat delegasiyalari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tib, shundan so‘ng ikkita ESK va Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi shamol elektr stansiyalari bo‘yicha Investisiyaviy kelishuv imzolandi.

Mazkur uchta loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekistonning energetik quvvatlarini talab darajasida oshirish kafolati hisoblanadi, chunki 2030 yilga borib elektr energiyasi iste’moli 110 milliard kVt soatga yetishi kutilmoqda.

“Rejalarimizning samarali amalga oshirilishi O‘zbekistonga katta miqdordagi investisiyalarni jalb qilish va mamlakatimiz energetik maqomini oshirish imkonini beradi. Vazirlik „ACWA Power“ kompaniyasi va Saudiya Arabistoni delegasiyasiga boshlangan ishlar uchun chuqur minnatdorlik izhor etadi. Biz uzoq muddatli va samarali hamkorlik qilish niyatidamiz”, deydi Energetika vaziri Alisher Sultonov.

Sirdaryo IES

Quvvati 1500 MVt bo‘lgan Sirdaryo IES qurilishini boshlash marosimi tantanali ruhda o‘tdi. Umumiy qiymati 1,2 milliard dollar bo‘lgan mazkur loyihaning foydali ish koeffisienti qariyb 60 foizni tashkil etadi. Bu esa boshqa elektr stansiyalari bilan taqqoslaganda hozirgi vaqtda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun iste’mol qilinayotgan tabiiy gaz miqdorini deyarli ikki barobar iqtisod qilish imkonini beradi.

Loyiha real vaqt rejimida havo izolyasiyasiga ega ochiq taqsimlash qurilmasi orqali O‘zbekistonning milliy energiya tizimiga uzluksiz elektr energiyasi uzatish va kunu-tun elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonini boshqarish uchun dunyo ekspertlari tomonidan loyihalashtirilgan eng zamonaviy konstruksion yechimlar, ekspluatasiya va nazorat vositalaridan foydalanishni ko‘zda tutadi.

Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi shamol elektr stansiyalari

O‘zbekiston Energetika vazirligi va “ACWA Power” kompaniyasi umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyalari bo‘yicha Elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha ikkita kelishuvni imzoladi.

Buxoro viloyati hamda Buxoro va Navoiy viloyatlari chegarasida joylashgan “Bash” va “Jonkeldi” elektr stansiyalarini qurish loyihasining umumiy qiymati qariyb 1,3 milliard dollarni tashkil etadi.

Mazkur loyihalarni amalga oshirish uglevodorod chiqindilarini 1,6 million tonnaga qisqartirish imkonini berishi, shu bilan birga 2031-yilga borib energiya quvvatlarining 40 foizini qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tkazish bo‘yicha hukumat tomonidan qo‘yilgan maqsadlarga erishishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun:

“ACWA Power” kompaniyasi elektr energiyasi va chuchuk suv ishlab chiqarish bo‘yicha uskunalarni ishlab chiqish, moliyalashtirish va ekspluatasiya qilishga ixtisoslashgan. “ACWA Power” kompaniyasi 2004 yilda Ar-Riyod shahri (Saudiya Arabistoni)da ro‘yxatga olingan va ta’sis etilgan bo‘lib, undagi xodimlar soni qariyb 3 500 nafarni tashkil etadi. Xalqaro hamkorlik esa hozirgi kunda Yaqin Sharq, Afrika, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoning 12 ta mamlakatini qamrab olgan.