2-GMZ Navoiy kon-metallurgiya kombinatida barabanining hajmi 140 kubmetr bo‘lgan МШЦ 55×65 rusumli sharli tegirmon o’zlashtirildi.

Navoiy mashinasozlik zavodi bosh muhandisi va bosh muhandisning ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari boshchiligidagi mutaxassislar guruhi tuzilib, bosh texnolog, bosh metallurg, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va innovatsion texnologiyalar bo‘limlari texnologlari kiritildi. Bu haqda NKMK matbuot markazi xabar beradi.

Tegirmonning ehtiyot qismlarini quyishda po‘latni doimiy to‘xtovsiz quyish texnologiyasidan foydalanilgan holda suyuq metallning rekord og‘irligi 28 tonnadan oshdi. Sharli tegirmonni tayyorlash uchun kuymaning umumiy og‘irligi 350 tonnani tashkil etadi.

2-GMZda o‘tgan yilda ishga tushirilgan 29, 30-sonli tegirmon bloklarining unumdorligini oshirish uchun qisqa muddatda kombinatning Markaziy loyihalash byurosi mutaxassislari tomonidan ushbu tegirmonni montaj qilish bo‘yicha chizmalar ishlab chiqildi. Markaziy kon boshqarmasi, 2-gidrometallurgiya zavodi, Zarafshon qurilish boshqarmasi ishchi-xodimlari qurilish-montaj ishlarni amalga oshirdilar.

Mazkur tegirmon soatiga tarkibida oltin bo‘lgan 160 tonna, yil davomida 1,4 million tonna maʼdanni qayta ishlash imkonini beradi.

Loyiha tufayli og’ir mashinasozlik sohasidagi 2 million AQSh dollaridan ko‘proq valyuta mablag‘ini tejashga erishildi.