Namangan viloyatida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi respublika ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining filiallari tashkil etiladi. Bu haqda Prezident xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qildi.

Viloyatning barcha shahar va tumanlarida “Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!” shiori ostida ilk bor tashkil etilgan salomatlik aksiyasi doirasida chekka qishloqlardagi aholi to‘liq tibbiy ko‘rik bilan qamrab olindi. Avval viloyatda amalga oshirish imkoni bo‘lmagan jarrohli amaliyotlari o‘tkazildi.

“Mazkur filiallar uchun alohida bino qurilmaydi, mavjud shifoxonalar binosidan joy beriladi. Kerak bo‘lsa, bo‘sh turgan kollejlar binosini ham ajratib beramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi bunday sa’y-harakatlarni muntazam davom ettirish lozimligini ta’kidladi. Mutasaddilarga kardiojarrohlik va boshqa ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining filiallari tashkil etish vazifasi qo‘yildi.