O‘zbekiston elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi va Buyuk Britaniya davlat raqamli xizmatlari o‘rtasida raqamli hukumat sohasida hamkorlik boʼyicha Аnglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi sayti xabar beradi.

Davlat raqamli xizmatlari (GDS — Government Digital Services) 2011-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Buyuk Britaniya vazirlar kengashi ijroiya apparati tarkibida davlat xizmatlarini raqamli transformatsiyalash bilan shug‘ullanadi.

Tomonlar mamlakat raqamli taraqqiyot poydevorlarini mustahkamlash, uning raqamli salohiyatini rivojlantirish, foydalanuvchilarga yo‘naltirilgan elektron xizmatlarni joriy etish, barqaror va moslashuvchan davlat xizmatlarini yaratish masalalariga e‘tibor qaratishdi.

Memorandum doirasida britaniyaliklar keng foydalaniladigan, oddiy va qulay yanada sifatli raqamli davlat xizmatlarini tatbiq etish hamda raqamli ko‘nikma va imkoniyatlarni rivojlantirishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Ma‘lumot uchun: Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2020 yilda e‘lon qilgan elektron hukumatlar reytingida Buyuk Britaniya jahonda 7-o‘rinni egallagan.