Davlat aksiya paketlarini savdoga chiqarish bo‘yicha monopoliyaga chek qo‘yildi. Bu haqida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi telegram kanali xabar beradi.

Bir necha o‘n yillar davomida davlat aksiya paketlari “Toshkent” RFBga faqatgina bitta broker — “Mulk-sarmoya brokerlik uyi” aksiyadorlik jamiyati orqali savdolarga chiqarilgan. Bu esa, o‘z navbatida, respublika fond bozorida faoliyat yuritayotgan boshqa professional investitsiya vositachilari uchun teng raqobat muhiti yaratilishiga salbiy ta’sir qilib kelgan.

Endilikda ushbu amaliyotga chek qo‘yilib, davlat aksiya paketlarini birja savdolariga chiqarish va sotish jarayonida professional investitsiya vositachilari (brokerlar)ni jalb etish yuzasidan tanlov o‘tkaziladi.

Unda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan jami 44 ta professional investitsiya vositachining barchasi hech qanday to‘siqsiz ishtirok etishlari mumkin. Bu amaliyot davlat aktivlarining ochiq va shaffof tarzda xususiylashtirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Tanlov bo‘yicha g‘oliblarni aniqlashda, birinchi navbatda, ishtirokchilarning fond bozoridagi tajribasi, moliyaviy holati, vositachilik xizmati ta’riflari, amalga oshiradigan targ‘ibot ishlari va boshqalar hisobga olinadi.