Bugungi kunda avtomobil yoqilg’isi o’zida benzin xususiyatlarini shakllantiradigan murakkab kimyoviy mahsulotdir. Dvigatelning asosiy tarkibiy qismlari — porshenlar, o’t oldirish shamlari, benzonasos, egzoz va quvvat tizimlarining faol ishlashi benzin sifati bilan uzviy bog’liq.

So’nggi vaqtlarda AYoQShlarda sotiladigan yoqilg’i sifatiga oid shikoyatlar ko’paymoqda.Ba'zi yoqilg’i shaxobchalarida standartlarga mos bo’lmagan benzinlar ishlatilishi kuzatilmoqda va bu avtomobil dvigatelining ishdan chiqishiga hamda avtomobil egalarining qo’shimcha xarajat qilishiga sabab bo’lyapti.

Xabarda aytilishicha agar avtomobilda yoqilg’i sarfining ko’payganini, tortish ko’rsatkichlarining yomonlashgani (quvvatni yo’qotish, gaz pedalini bosishda kuchsiz reaksiya) sezilsa, muammo sabablarini aniqlash va dvigatelni diagnostika qilish uchun “UzAuto Motors"ning rasmiy servis markazlariga murojaat qilish zarur.

Sifatsiz benzinni ishlatish natijasida kelib chiqadigan salbiy oqibatlardan qochish uchun quyidagi tavsiyalarga rioya qilish zarur:

  • Avtomobil uchun yoqilg’ini faqat ishonchli yoqilg’i quyish shaxobchalaridan quyish;
  • Yoqilg’ini konteynerlarda hamda maxsus sertifikatga ega bo’lmagan yoqilg’i quyish mashinalaridagi jismoniy shaxslardan sotib olmaslik;
  • Qo’shimcha moddalar qo’shish orqali sun’iy ravishda yuqori oktan raqamiga ega bo’lgan yoqilg’idan foydalanmaslik;
  • Avtomobilga yoqilg’i quyish paytida har doim to’lov qog’ozini so’rash va uni saqlab qo’yish.

Kompaniya avtomobilning yaxshi texnik holatini saqlab qolish uchun faqat ishlab chiqaruvchi tomonidan tavsiya etilgan yoqilg’idan foydalanishni tavsiya qildi.