“Uz Chasys” MCHJ ustav kapitalidagi 51 foiz ulushni boshlang‘ich bahosi bosqichma-bosqich oshib borish tartibida o‘tkaziladigan ochiq auksion savdosiga taklif etildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spotga xabar berdi.

Auksion savdosiga “Uzchasys” MCHJ QK ustav kapitalidagi “UzautoComponents” MCHJga tegishli ulushning 51 foizi qo‘yilmoqda. Boshlang‘ich bahosi — 76 826 987 808 so‘m.

Uz Chasys MCHJ ustav kapitalidagi ulushni sotish shartlari, tomonlarning huquq va majburiyatlar:

Auksion savdosi 2021-yil 7-iyun kuni soat 11:00 dan boshlab o‘tkaziladi. Arizalar rasmiy ish kunlari soat 10:00 dan 16:00 gacha qabul qilinadi (13:00 dan 14:00 gacha tushlik). Arizalarni qabul qilishning oxirgi muddati: 2021 yil 4-iyun kuni soat 16:00 gacha qabul qilinadi.

Savdo g‘olibi deb topilgan shaxsga 5 kuni ichida sotuvchi bilan oldi-sotdi shartnomasi tuzish majburiyati yuklatiladi. Savdoda ishtirok etish uchun ariza, zakalat puli to‘langanligi haqidagi to‘lov hujjati nusxasi, vakillar uchun ishonchnoma taqdim etiladi.

“O‘zavtosanoat” AJ, “UzautoComponents” MCHJ va “UzAuto Motors” AJning yagona aksiyadori sifatida 10 yil davomida raqobat muhitida va o‘zaro teng xuquqlilik asosida xaridorni “mashinasozlik sohasida” biznesni amalga oshirishda qo‘llab quvvatlaydi.

Xaridorning xuquq va majburiyatlari:

  • Xaridor “Uz Chasys” MCHJ QK rentabelligini oshirish va “Uz chasys” MCHJ QK xarajatlarini kamaytirish uchun tashabbuslarni amalga oshirish huquqiga ega.
  • Agar xaridor “Uz chasys” MCHJ ning joriy debitori bo‘lsa, joriy qarz summasini “Uz Chasys” MCHJ ulushini mustaqil baholovchining tegishli baholash hisobotiga asosan bozor qiymatiga nisbatan kapitalizatsiya qilish huquqiga ega.
  • Xaridor “Uz Chasys” MCHJ QKning barcha joriy majburiyatlarini O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq bajaradi.
  • Xaridor “UzAuto Motors” AJ talabiga binoan 1804 va 1810 Forma shakllarini (Cost breakdown form) taqdim etadi.

“UzChasys” qo’shma korxonasi 2009-yil 24-sentabrda tashkil etilgan. U Namangan shahrida joylashgan bo’lib umumiy maydoni 16 000 m2 ni tashkil qiladi. Korxona avtomobillar uchun yoritish chiroqlarini ishlab chiqarish bilan shug’urlanadi. Korxonada 430 kishilik ish o’rni mavjud va Janubiy Koreyadan keltirilgan zamonaviy uskunalar bilan to’liq jihozlangan.