Shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish va axborot erkinligi boʻyicha vakil Yoxannes Kaspar WhatsAppʼni nemis foydalanuvchilarining shaxsiy maʼlumotlarini yigʻayotganligi uchun uch oyga taqiqladi, deya xabar bermoqda “Bloomberg”.

Kaspar yangi maxfiylik qoidalariga rozi boʻlishga majbur qilishni noqonuniy, deb hisoblamoqda. Shuningdek, u boshqa Yevropa mamlakatlaridagi nazorat organlariga murojaat qilib, ularni bir xil taqiq qoʻyishga chaqirdi.

WhatsApp ham oʻz oʻrnida Kasparning daʼvolarini “notoʻgʻri” deb atadi va taqiq kompaniyaning yangi siyosatini toʻxtata olmasligini taʼkidladi. Shuningdek, messenjer regulyatorni yangilanishning maqsadi va oqibatlarini “tubdan tushunmaslikda” aybladi.

WhatsApp yangi siyosatining mohiyati shundaki, u toʻplangan maʼlumotlarni Facebook bilan almashishni rejalashtirmoqda. Kompaniya ushbu qoidalar unga boshqa kompaniyalar bilan aloqaning yangi usullarini taqdim etishini tushuntirdi.

Ma’lumot uchun, WhatsApp 15-maydan keyin yangi qoidalarni qabul qilmaydigan akkauntlarni cheklaydi. Bunda foydalanuvchilar qoʻngʻiroqlarni qabul qilishlari va xabarnomalarni olishlari mumkin, ammo dasturdan xabarlarni oʻqish yoki unga javob yuborish imkoniyatlari yopib qoʻyiladi.

Bu yangi shartlarni qabul qilmagan foydalanuvchi akkauntlari faol boʻlmagan deb hisoblanadi va 120 kunlik harakatsizlikdan soʻng oʻchiriladi, deya qoʻshimcha qilgan kompaniya.