Oʻzgarishlar toʻgʻrisida elektron pochta xabarini Tim Kuk xodimlarga 2-iyun kuni yuborgan, deb yozadi The Verge. Xatda Kuk videoqoʻngʻiroqlarga qaramay, xodimlar “bir-birlarini sogʻinishganini” taʼkidlagan.

Aksariyat xodimlar ofisga dushanba, seshanba va payshanba kunlari kelishlari va chorshanba va juma kunlari masofadan turib ishlashlari mumkin boʻladi. Alohida ishlashi kerak boʻlgan jamoalar ofisda haftaning toʻrt-besh kungacha ishlaydi.

Shuningdek, xodimlar yiliga ikki haftagacha “oila va yaqinlariga yaqinroq boʻlish, sayohatlar yoki kutilmagan sabablar bilan” masofadan turib ishlashlari mumkin boʻladi.

The Verge xabariga koʻra, kompaniya 2020-yilgacha uy sharoitida ishlashni ragʻbatlantirmagan. Nashr Apple kompaniyasining pozitsiyasini “boshqa texnik gigantlarga nisbatan hanuzgacha konservativ” deb ataydi.

Maʼlumot uchun, Facebook rahbari Mark Sukerberg yaqin 5−10 yil ichida xodimlarning 50% qismi uydan ishlashga oʻtishini bashorat qildi. Kompaniya bu borada masofadan ishlaydiganlarni boshqarish uchun maxsus direktorlik lavozimini ham joriy qildi.