BMT Taraqqiyot Dasturi va Global ekologiya jamg‘armasi ko‘magida Toshkent shahri uchun elektrobuslar sotib olinadi. Bu haqda Transport vazirligi Axborot xizmati xabar beradi.

Ushbu loyiha Toshkent shahri misolida shahar jamoat transportida elektrotransportdan jadal ravishda foydalanishni joriy etish yo‘li bilan atrof — muhit sifatini yaxshilashga yo‘naltirilgan bo‘lib, ushbu tajriba Respublikaning boshqa shaharlarida ham joriy etilishi mumkin.

Bu bilan Toshkent shahri jamoat transporti uchun elektrobuslarni xarid qilish hamda pilot loyiha tariqasida shaharda yashil transport yo‘lagini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Olti yil muddatga mo‘ljallangan loyihaga donorlar BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologiya jamg‘armasi tomonidan $3,9 mln mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha Birlashgan millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Toshshahartransxizmat" AJ hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Avvalroq Spot, Samarqand YeTTBning 3 mlrdlik Yashil shaharlar flagman dasturiga qo’shilganligi haqida xabar bergan edi. Samarqand misolida bu elektr avtobuslariga sarmoya kiritilishi hamda shaharni “ko'kalamzorlashtirish” bo’yicha harakat rejasini ishlab chiqishi kutilmoqda.