Lacetti sotib olish uchun navbat 22 000 dan oshdi, bu UzAvto Savdo maʼlumotlaridan kelib chiqadi. Navbatning 14,7 mingtasi L-Elegant modeli, 7,9 mingtasi esa — L-Comfort modeliga toʻgʻri kealdi.

Shuningdek, Cobalt uchun ham navbatlar mavjud, xabar nashr etilayotgan paytda bu allaqachon 7000 dan oshgan edi.Taqqoslash uchun, iyun oyining boshida bu raqam 6000 atrofida edi. Bundan tashqari, shu paytdan boshlab Traverse, Equinox va Tracker-2 navbatlari koʻpaygan.

Mikrosxemalar yetishmasligining aloqasi

Avvalroq UzAuto Motors kompaniyasi yarimoʻtkazgichlar yetishmasligi sababli ishlab chiqarishda keskin pasayish yuz bergani, bu esa yetkazib berish muddatlarining uzayishiga olib kelganini aytgan edi.

“Fursatdan foydalangan baʼzi nopok shaxslar tomonidan spekulyativ vaziyatlar vujudga kelmoqda, „Oʻzavtosanoat“ bu jarayonga qarshi faol kurash olib bormoqda”, — deyilgandi kompaniya xabarida.

Biroq ushbu xabardan keyin ham navbat kattalashgan.

Yetishmovchilik UzAuto Motors-ga qanday taʼsir qiladi

Kompaniyaning har bir avtomobilida yarimoʻtkazgichlardan foydalanadigan 100−300 komponent mavjud. Ular tezlik oʻlchagichlarda, elektr kuchaytirgichlarda, radio magnitafonlarda, shuningdek navigatsiya tizimlarida va boshqalarda qoʻllaniladi.

GM avtomobil zavodlari har hafta yarim oʻtkazgichlarni global miqyosda tarqatadi. Jarayon toʻrt bosqichga boʻlinadi — ishlab chiqaruvchidan to tarqatish shtabigacha, ulardan yetkazib beruvchilarga va keyin avtomobil zavodiga.

Masalan, Cobalt uchun modullar Meksikadan; Nexia, Lacetti, Spark uchun — Janubiy Koreyadan yetkazib beriladi. Hammasi boʻlib, 67 komponent uchun 38 ta yetkazib beruvchi mavjud.

Kompaniya ilgari yarimoʻtkazgichlardan tayyorlangan qismlar aviatransport orqali yetkazib berilishini va ular yetib kelganida tayyorlangan qurilmalarga oʻrnatilishini taʼkidlagan. Zavodni toʻxtatish rejalashtirilmagan.