Shavkat Mirziyoyev “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi maʼlum qildi.
Unga koʻra, 2022-yil 1-yanvardan davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50% dan yuqori tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va oʻrinbosarlari, ularning turmush oʻrtogʻi va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etiladi.
Farmon asosida:
- daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalashda aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik uchun javobgarlik oʻrnatiladi;
- Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq roʻyxati belgilanadi;
- korrupsiyaviy jinoyatlarga jazo uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytiriladi;
- korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etganlarga yengillashtiruvchi normalar qoʻllanilishiga cheklovlar belgilanadi.
Shuningdek, 2022-yil 1-yanvardan davlat xizmatchilariga xorijda bank hisobraqamlarini ochish, naqd pul mablagʻlarini saqlash va boshqa mol-mulkka ega boʻlish taqiqlanadi.