Makraziy bankning ma’lum qilishicha, ichki valyuta bozorida xorijiy valyutadagi umumiy taklif hajmi 2021-yilning I yarim yilligida $9,8 mlrd ni (Markaziy bank intervensiyalarini hisobga olmagan holda) tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobarga oʻsdi (2020-yilda — $6,0 mlrd, 2019-yilda $5,1 mlrd).

Xususan, mazkur davrda xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan $4,6 mlrd miqdoridagi chet el valyutalari sotilgan boʻlib, ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 1,7 barobarga oshdi (2020-yilda — $2,7 mlrd). Banklar va jismoniy shaxslar tomonidan sotilgan chet el valyutalari miqdori $3,7 mlrd ni tashkil etdi (2020-yilda — $2,4 mlrd).


Shuningdek, davlat markazlashgan resurslari hisobidan sotilgan chet el valyutalari miqdori $1,5 mlrd ni tashkil etdi.

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida ichki valyuta bozori operatsiyalarida talabning umumiy hajmi $11,3 mlrd ni tashkil etib, 2019- va 2020-yillarning tegishli davrlariga nisbatan 1,7 va 1,4 barobarga oʻsdi.

Yuridik shaxslar tomonidan chet el valyutasiga boʻlgan talab 2021-yilning dastlabki 6 oyligida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 43% ga oʻsib, $9,3 mlrd ni tashkil etdi (2020-yil yanvar-iyun oylari — $6,5 mlrd).

Shuningdek, ushbu davrda yuridik shaxslar tomonidan ichki valyuta bozorida $7,8 mlrd miqdoridagi xorijiy valyutalar sotildi, bu koʻrsatkich 2020-yilning shu davriga nisbatan 1,8 barobarga koʻpdir (2020-yil I yarim yilligida — $4,3 mlrd).