2021-yilning 8-iyulida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida"gi PF-6258-son Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur Farmonda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • davlat aktivlarini sotishdan tushadigan mablag‘larning byudjetga yo‘naltiriladigan qismini amaldagi 73 foizdan 87 foizga oshirish;
  • alohida qarorlar asosida xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘larning yirik kompaniyalarga o‘tkaziladigan qismini byudjetga yo‘naltirish;
  • hokimliklar qarori bilan sotilgan ob’ektlardan tushadigan mablag‘larning byudjetga yo‘naltiriladigan qismini 73 foizdan 87 foizga oshirish va uni tegishli viloyat, tuman (shahar) byudjetlariga teng ulushlarda yo‘naltirish;
  • davlat aktivlarini “1 so‘m” boshlang‘ich qiymatda savdolarga chiqarish amaliyotini bekor qilish.

Ushbu Farmonning qabul qilinishi:

  • Davlat byudjetiga, shu jumladan tuman va shaharlar mahalliy byudjetlariga tushumlarning ko‘payishiga;
  • viloyat, tuman va shaharlar hokimliklarining xususiylashtirishdan manfaatdorligini oshirishga;
  • davlat aktivini bozor qiymatida sotilishiga va korrupsion xatti harakatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Avvalroq Spot, iyul oyining boshida xususiylashtirish va kim oshdi savdosiga bag’ishlangan video selektorda sohad qanday o’zgarishlar bo’lishi kutilayotganligi haqida ma’lumot bergan edi.