Davlat statistika qoʻmitasining maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda 2021-yilning yanvar-iyun oylarida oʻrtacha oylik ish haqi 2 mln 971 ming soʻmni tashkil qildi.

Oʻrtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi tarkibiga qoʻshimcha toʻlovlar, mukofot pullari, ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar, kompensatsiya va ishlamagan vaqti uchun toʻlovlar, shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va kasaba uyushmasiga ajratmalar kiradi.

Qayd etilishicha, oʻrtacha oylik ish haqining eng yuqori darajasi moliyaviy va sugʻurta iqtisodiy faoliyatida — 7 mln 111 ming soʻm yoki respublika koʻrsatkichidan (2 mln 971 ming soʻm) 2,4 barobar yuqori ekanligi aniqlandi.


Aksincha eng kami esa sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish faoliyatida — 2 mln 49 ming soʻm, yoki respublika oʻrtacha oylik ish haqining (2 mln 971 ming soʻm) 69%i ga tengligi maʼlum qilindi.

Shuningdek, qoʻmita yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan korxona va tashkilotlarda ishlovchi, qishloq xoʻjaligi va kichik tadbirkorlik subyektlaridan tashqari xodimlarning oʻrtacha oylik nominal hisoblangan ish haqlari har bir iqtisodiy faoliyat turlarida turlicha farqlanishini taʼkidlagan.