Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvida Turkiston-Chimkent-Toshkent tezyurar temiryoʻlini qurish loyihasi ustida ish olib borilayotganini maʼlum qildi.

Bu haqda Qozogʻiston prezidenti matbuot xizmatiga tayanib “daryo” xabar bermoqda.

“Oʻzbekiston bilan yangi loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Birinchi navbatda gap Turkiston-Chimkent-Toshkent tezyurar temiryoʻli haqida ketmoqda (loyiha qiymati $700 mln atrofida). Avvalroq biz oʻzbek sheriklarimiz uchun Qoʻriq va Aqtau portlariga qisqa yoʻlni ochgan Beyneu-Aqjigit avtomobil yoʻli qurilishini yakunlagandik”, — degan Qosim-Joʻmart Toʻqayev.

Uning taʼkidlashicha, Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, Markaziy Osiyoda transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish ushbu mintaqadagi barcha davlatlarda YaIM oʻsishini 15% ga taʼminlashi mumkin.

Qozogʻiston rahbari bu ulkan zaxira ekanligi, shuning uchun birgalikda mintaqaning transport aloqasini oshirish va tranzit sharoitlarini izchil yaxshilash kerakligini qoʻshimcha qildi.