Facebook oʻzining maʼlumotlarni qayta ishlashda foydalanish uchun kamida ikkita protsessor ishlab chiqmoqda, deya yozmoqda The Information.

Birinchi protsessor — bu qayta ishlash vazifalarini tezlashtirish uchun moʻljallangan sunʼi intellekt chipi. Bu ijtimoiy tarmoqdagi kontentni tavsiya qilish algoritmining ishiga yordam berishi kerak. Ikkinchisi, video transkodlash uchun, u jonli efir sifatini yaxshilashga yordam beradi.

Agar Facebook bu ishda muvaffaqiyat qozonsa, Intel, Qualcomm va Broadcom kabi sotuvchilarga “qaramligini” kamaytirishi mumkin, deydi manbalar. Shu bilan birga, kompaniya boshqa ishlab chiqaruvchilarning protsessorlarini oʻznikiga almashtirishni rejalashtirmayapti, Facebook ularni parallel ravishda ishlatadi.

Manbaga koʻra, Facebook protsessorlarini boshqa ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda ishlagan guruh tayyorlamoqda. Protsessorlar sotuvchilarga qaramlikni yoʻq qilishdan tashqari, Facebook kompaniyasiga uglerod izini kamaytirishga, shuningdek, unumdorlikni oshirishga va xarajatlarni kamaytirishga yordam berishi kutilmoqda.

Avvalroq Spot Facebook birinchi “aqlli” koʻzoynaklarni taqdim etganligi haqida yozgan edi.