Spot 2021-yil 1-oktyabrdan biznes va iqtisodiyotning turli sohalarida kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar sharhini taqdim etadi. Mazkur eslatmadan “tonirovka” ruxsatnomasini olish tartibi, elektromobillar uchun davlat raqamlari, shuningdek, auksion va boshqa xabarlar oʻrin olgan.


Prezident qarori ga muvofiq, sement (klinker) ishlab chiqaruvchilar uchun foyda soligʻi stavkasi 20% dan 15% gacha pasaytiriladi.


Avtomobil oynalarining “tonirovka” qilishga ruxsatnoma berish Yagona interaktiv davlat xizmatlari orqali amalga oshiriladi

Hukumat qaroriga asosan 2021-yil 1-oktyabrdan avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirish)ga ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali koʻrsatiladi.


Elektromobillar uchun alohida davlat raqami belgilari berish boshlanadi

Hukumat qaroriga asosan 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab elektromobillar uchun alohida farqlovchi roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari berish boshlanadi.


Auksion gʻolibi tomonidan obyekt qabul qilinganligi tasdiqlanganidan soʻnggina pul mablagʻlari buyurtmachiga oʻtkazib beriladi

Prezident qarori bilan ishtirokchilar huquqlarini ishonchli himoya qilish maqsadida elektron onlayn-auksion natijalari boʻyicha pul mablagʻlari “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” DUKning maxsus hisob raqamida yigʻiladi va auksion gʻolibi tomonidan obyekt qabul qilinganligi tasdiqlangandan soʻng, ular buyurtmachi hisob raqamiga oʻtkaziladi.


Shuningdek, Prezident farmoniga asosan quyidagilar bekor qilinadi:

  • qatʼiy belgilangan miqdordagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻlovchisi boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq organlariga soliq hisobotini topshirish majburiyati;
  • alohida tayyor import isteʼmol tovarlarining bojxona deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan keyin 12 oy oʻtgach sotuvga qoʻyilishi hamda chakana savdoda realizatsiya qilinishiga qoʻyilgan taqiq.

Bundan tashqari, “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari tashkil etiladi

Prezident farmoni bilan Davlat bojxona qoʻmitasining Toshkent, Sirdaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari boʻyicha boshqarmalarida “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari tashkil etiladi.

“Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan elektron bojxona yuk deklaratsiyalarining masofaviy bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshiradi.

Farmonga binoan chegara bojxona postlaridagi inspeksion koʻrik majmualari (rentgen) bilan ishlash guruhlari xodimlariga zararli mehnat sharoitlari uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan lavozim maoshining 40% i miqdorida har oylik ustama beriladi.


Foydalanishga qabul qilingan koʻp kvartirali uy-joyni boshqarish birinchi ikki yilda quruvchi tomonidan amalga oshiriladi

Prezident qaroriga asosan qurilishi tugallangan va foydalanishga qabul qilingan koʻp kvartirali uy-joyni boshqarish birinchi ikki yilda quruvchi tomonidan amalga oshiriladi hamda mazkur muddatga koʻp kvartirali uy-joy ekspluatatsiyasining kafolat muddati joriy qilinadi.

Bunda, quruvchi tomonidan mazkur vazifani amalga oshirish uchun shartnomaga asosan boshqaruvchi tashkilot jalb qilinishi mumkin. Shuningdek, birinchi ikki yil ichida koʻp kvartirali uy-joydagi quruvchidan tashqari mulkdorlarning soni ellik foizdan oshgan taqdirda, mulkdorlar tomonidan belgilangan tartibda umumiy yigʻilishning qaroriga muvofiq koʻp kvartirali uy-joyni boshqarish usuli tanlanadi.


Jismoniy shaxslarning malaka oshirishga yoʻnaltirgan daromadlari daromad soligʻidan ozod qilinadi

Prezident qaroriga muvofiq, soliq toʻlovchi tomonidan tegishli xalqaro uyushmaga aʼzo boʻlish uchun aʼzolik badallariga hamda qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun nodavlat taʼlim tashkilotlariga yoʻnaltiriladigan oʻzining ish haqi va boshqa daromadlari summasi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinadi.

Bunda, mazkur soliq imtiyozlari bazaviy hisoblash miqdorining 8 barobarigacha boʻlgan summaga, shuningdek, oʻquv kursidan muvaffaqiyatli oʻtgan hamda tegishli xalqaro uyushma aʼzosi sifatida aʼzolik badallari toʻlovini va koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovni tasdiqlovchi hujjat mavjud boʻlganda qoʻllaniladi.


Hisob palatasi, Moliya vazirligi va ichki audit xizmatlari har chorakda oʻz faoliyatiga oid hisobotlarni jamoatchilikka eʼlon qilib boradi

Prezident farmoniga asosan Hisob palatasi, Moliya vazirligi va ichki audit xizmatlari har chorakda kamida bir marotaba ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida oʻz faoliyatiga oid hisobotlarni jamoatchilikka eʼlon qilib boradi.