“Issiqlik elektr stansiyalari” AJda “Toshkent IEM” AJ va “Çalik Enerji” kompaniyasi o‘rtasida qurilish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Navbatdagi investitsion loyiha “Toshkent IEM” AJda amalga oshiriladi.

Unga ko‘ra, 2024 yilga qadar markazda har birining quvvati 32 MVt bo‘lgan ikkita gaz turbina qurilmasi bunyod etiladi va loyihaning bosh pudratchisi sifatida Turkiyaning “Çalik Enerji” kompaniyasi ishtirok etadi.

“Çalik Enerji” kompaniyasi O‘zbekistonda energetika sohasida olib borilayotgan katta o‘zgarishlarning guvohi, bizlar bu yerda Navoiy va To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyalaridagi jahonda andozasi kam bo‘lgan zamonaviy bug‘-gaz qurilmalarining qurilishida ishtirok etdik, — deydi loyiha menejeri Zahid Arichi.


Loyihaning umumiy qiymati — 109, 243 mln. AQSH dollari, shundan:

  • Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) mablag‘lari — 81,06 mln. AQSH dollari;
  • Korxonaning o‘z mablag‘lari — 15,46 mln. AQSH dollari;
  • O‘zbekiston Respublikasining qo‘shgan ulushi — 12,71 mln. AQSH dollarini tashkil qiladi.

Loyiha amalga oshirilishi natijasida, markaz tomonidan yiliga qo‘shimcha 515,6 mln. kVt.soat elektr va 690,3 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi, bunda yuqoritejamkor texnologiyalar evaziga 219 ming kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

Atrof muhitga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar 200,5 tonnaga kamaytiriladi.

Shuningdek, ushbu energouskuna o‘zining yuqori samaradorligi bilan ajralib turadi, uning foydali ish koeffitsiyenti 64 foizni tashkil etadi.