“IFly Airlines” aviakompaniyasiga Oʻzbekistonga parvozlarni amalga oshirish uchun vaqtincha taqiq qoʻyildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, yoʻlovchilar huquqlari va tashuvchi majburiyatlariga rioya etishni taʼminlash maqsadida “Oʻzaviatsiya” agentligi tomonidan 2020-yil oktyabr oyida aviakompaniyalarga Oʻzbekiston aeroportlariga charter reyslarini amalga oshirish uchun vakolatli organ — “Oʻzaviatsiya"dan tegishli ruxsatnoma olmasdan turib aviachiptalarni sotish amaliyotini tugatish toʻgʻrisida ogohlantirish xati yuborilgan.

“IFly Airlines” aviakompaniyasi ushbu ogohlantirishga qaramay, tegishli ruxsatnomalarni olmasdan qoʻpol ravishda talablarni buzib, 2021-yil noyabr oyida Moskva — Urganch — Sankt-Peterburg — Urganch — Moskva, Navoiy — Moskva hamda Sankt-Peterburg — Navoiy — Sankt-Peterburg yoʻnalishlarida charter parvozlari uchun aviachiptalar sotuvini tashkil etgan. Natijada, aviachiptada koʻrsatilgan vaqtda yoʻlovchilar aerovokzallarga kelishgan va belgilangan yoʻnalishda parvozning bajarilmasligi yoʻlovchilar oʻrtasida ijtimoiy keskinlikka olib kelgan", deyiladi xabarda.

“Oʻzaviatsiya” agentligi tomonidan “IFly Airlines” aviakompaniyasiga sanksiya tariqasida Oʻzbekistonga charter parvozlarini amalga oshirishni vaqtinchalik toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Aviakompaniyalar tomonidan bunday holatlar takrorlangan taqdirda “Oʻzaviatsiya” agentligi parvozlarni amalga oshirish uchun berilgan ekspluatatsiya ruxsatnomalarni bekor qiladi.

Yoʻlovchilar va aviakassalar mutasaddilariga aviachiptalarni sotib olish yoki sotishdan oldin “Oʻzaviatsiya” agentligi veb-saytining bosh sahifasidagi “Axborot jadvali” boʻlimida rejalashtirilgan charter parvozlarining holati bilan tanishib chiqish tavsiya etilgan.