Netflix oʻz ilovasiga bolalar uchun TikTok analogini qoʻshadi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.

Kids Clips funksiyasi Netflix iOS ilovasida allaqachon paydo boʻla boshlagan. Xizmat tasmani har kuni joriy va kelajakdagi dasturlari videolari bilan toʻldirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, bolalar bir vaqtning oʻzida 20 dan ortiq boʻlmagan kliplarni tomosha qilishlari mumkin boʻladi.

Funksiya shu haftada AQSh, Ispaniya, Lotin Amerikasi, Kanada, Avstraliya va Irlandiyadagi mijozlarga taqdim etiladi.

Maʼlumot uchun, qisqa video tasmalari Netflix-ning ilovadagi kontentni diversifikatsiya qilishga birinchi urinishi emas. Yozda kompaniya oʻz obunasiga video oʻyinlarni qoʻshishni rejalashtirayotganini eʼlon qildi va sentyabr oyida u oʻzining birinchi oʻyin studiyasini sotib oldi.