Janubiy Koreya respublikasi 2021-yil noyabr oyi oxiridan boshlab xorijiy mehnat muhojirlarini E-9 ishchi vizasi orqali qabul qilishni tiklashni rejalashtirmoqda.

Shunga binoan, Oʻzbekiston fuqarolari ham belgilangan jarayonlardan oʻtgan holda ishlash uchun Koreyaga ketishlari mumkin. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Matbuot xizmati rahbari Ortiqxoʻja Norov AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda shu haqda maʼlum qildi.

Ortiqxoʻja Norov Koreya respublikasiga E-9 vizasi bilan birinchi galda kimlar keta oladi, degan savolga ham oydinlik kiritgan va qator shartlarini sanagan.

Ta’kidlanishicha, Koreya respublikasiga ishchi vizasi bilan ketish uchun imtihon jarayonlarining barcha bosqichlaridan oʻtgan, ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi yuborilgan va Koreya Respublikasiga ishlash uchun ketishini kutib turgan fuqarolardan:

  1. Koreya Respublikasida tan olingan Astrazeneca, Moderna, Pfizer vaksinalardan biri bilan Koreya Respublikasiga kirib borishdan kamida 14 kun oldin toʻliq emlangan boʻlishi va tegishli sertifikatni taqdim etishi;
  2. Koreya Respublikasiga kirib borishidan bir hafta oldin va uchish vaqtidan oldin 72 soat ichida Koreya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi tomonidan tan olingan, yaʼni Korea No 1 Laboratory, SWISS LAB, De Factum Laboratories, INTERMED Innovation laboratoriyalaridan birida PSR test topshirgan va test natijasi manfiy boʻlishi talab etiladi.

Shu bilan birga, Koreya respublikasiga kirib borgan mehnat migrantlari, 14 kun emas, balki 10 kunlik karantin davrini oʻtashi ham lozim boʻladi.

Maʼlum qilinishicha, Koreya Respublikasida ishlab, shartnoma bilan qaytgan 50 nafar oʻzbekistonlik joriy yil 25 noyabr kuni joʻnab ketishi rejalashtirilgan.