Google HRning xavfsizlik boʻyicha vitse-prezident Kris Rakovdan xat oldi, deb yozadi CNBC. Xatda aytilishicha, kompaniya 10-yanvardan boshlab xodimlarning ofisga kelishini talab qilmaydi va boʻlinmalarning hech biri avval rejalashtirilganidek, gibrid formatda ishlamaydi.

Rakovning soʻzlariga koʻra, masofadan turib ishlashga ruxsat berilganiga qaramay, kompaniya ofisga kelganlarni ragʻbatlantiradi. Google hozirda AQShda oʻz ofislarining 90%ini ochgan va soʻnggi haftalarda xodimlarning 40%i ofisga kelib turgandi.

Google doimiy ravishda Covid-19 holati tufayli ofisga qaytish sanalarini oʻzgartirib bormoqda. 2020-yil dekabr oyida u ofislardagi ish 2021-yil 1-sentyabrdan davom etishini eʼlon qilgandi. Iyul oyida kompaniya bu sanani 18-oktyabrga koʻchirdi, keyinchalik yana oʻzgarish boʻlgan va xodimlar 10-yanvardan ishga chiqishlari belgilangandi.