Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi oshkora raqobat tamoyillariga asoslangan savdo jarayoni orqali sotilishi toʻgʻrisida maʼlum qildi.

Agentlik xabariga koʻra, savdo jarayoniga “KPMG Valuation and Consulting” MChJ aktivni xususiylashtirish boʻyicha eng yaxshi takliflarni tanlash asosida, eksklyuziv moliyaviy maslahatchi sifatida jalb etilgan.

Besh yulduzli “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi 2016 yilda Toshkent markazida barpo etilgan va “Hyatt” xalqaro brendining Oʻzbekistondagi birinchi mehmonxonasiga aylangan.

U Oʻzbekistonda xalqaro mehmonxonalar tarmogʻi boshqaruvida boʻlgan yagona besh yulduzli mehmonxonadir. Mehmonxona umumiy yer maydoni 3,1 gektar, bino va inshootlar maydoni 60,1 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Mehmonxona 8 qavatdan iborat boʻlib, mijozlar uchun 300 ta xona, jumladan, 248 ta standart va 52 ta lyuks/yarim lyuks xonalarni mavjud.

Mehmonxona hududida xalqaro sifat standartlari darajasida jihozlangan turli sigʻimdagi bir nechta konferensiya zallari, shuningdek, 850 kvadrat metr maydonga ega banket zali, yopiq basseyn va SPA markazi mavjud.

Avvalroq Prezident farmoni bilan kimoshdi savdosiga qoʻyiladigan davlat aktivlari roʻyxati tasdiqlangan edi. Roʻyxatda “Hyatt Regency Tashkent"dan tashqari yana 12 ta asosiy lotlar mavjud.