Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra, Namanganda Isʼhoqxon Ibrat nomidagi davlat chet tillari instituti ochiladi.

Institutda oʻquv jarayoni 2022−2023-oʻquv yilidan boshlanadi. Qabul parametrlari belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan davlat buyurtmasiga asosan shakllantiriladi.

Institutga tanlov asosida amaliy tajribaga ega boʻlgan mutaxassislardan iborat yuqori malakali professor-oʻqituvchilar jalb etiladi. Olis hududlar va xorijiy mamlakatlardan kelib dars beradigan professor-oʻqituvchilar ish davri davomida bepul shaklda xizmat uylari bilan taʼminlanadi.

Shuningdek, oʻzlashtirish koʻrsatkichi 86% dan yuqori boʻlgan, ilmiy izlanish olib borayotgn talabalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Hokim stipendiyasi joriy etiladi. Magistraturani aʼlo baholarga tamomlagan bitiruvchilar xohishlariga binoan Isʼhoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabiga dars berish uchun jalb etiladi.

Maktab internati oʻquvchilari uchun institutda “Tarjimonlar klubi” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Darslar xalqaro eʼtirof etilgan oliy taʼlim muassasalari reytinglarida birinchi mingtalikdan oʻrin olgan xorijiy OTMlar tajribasi va dasturi asosida individual trayektoriyaga asoslangan holda oʻtiladi.

Avvalroq Spot Navoiyda politexnika universiteti tashkil etilishi haqida yozgan edi.