Yakunlanib borayotgan yilda 400 nafar yangi milliarder paydo boʻldi. 17-dekabr holatiga koʻra, ayni vaqtda dunyoda 2600 nafardan koʻproq milliarder bor boʻlib, ularning umumiy boyligi $14 trln ga yaqinni tashkil qiladi. Bu haqda Forbes xabar bermoqda.

Ayollar orasida eng boy yangi milliarder Miriam Adelson boʻldi. U bir nechta kazino egasi boʻlgan amerikalik Sheldon Adelsonning bevasi hisoblanadi. Adelson marhum turmush oʻrtogʻi kapitalining asosiy qismini tashkil qilgan Las Vegas Sands kompaniyasidagi ulushini meros qilib olgan. Uning ulushi $27,1 mlrd ga baholanmoqda.

Yangi milliarderlarning koʻpchiligi Xitoydan boʻlib, ushbu davlatda bir yil ichida 160 nafar yangi milliarder paydo boʻlgan. Bu borada Xitoydan keyingi pogʻonani AQSh egallamoqda (100 nafar). Hindiston va Germaniyada milliarderlar soni 20dan koʻproqqa, Shvetsiyada 12 nafarga koʻpaygan.

2021-yildagi yangi milliarderlarning yarmidan koʻpi oʻz kapitalini uch soha — ishlab chiqarish, texnologiyalar va moliya-investitsiya orqali koʻpaytira olgan. Bu borada ishlab chiqarish ayniqsa serdaromad boʻlgan.

Jumladan, Bolgariyada aka-uka Kirill va Georgi Domushiyevlar milliarderlar safiga kirgan. Ular oʻz imperiyalarini veterinariya mahsulotlari, yuk tashuvlari, koʻchmas mulk biznesi va futbol orqali qurishgan. Ayni vaqtda tadbirkorlarning boyligi $4,2 mlrd ga baholanmoqda.

Shuningdek, amerikalik qoʻshiqchi Rianna Barbadosning birinchi milliarderiga aylandi. Uning boyligi $1,7 mlrd ni tashkil qilmoqda.