CoinMarketCap maʼlumotlariga koʻra, 6-yanvarga oʻtar kechasi bitkoin narxi $43 000 gacha tushib ketdi.

12:15 (Toshkent vaqti bilan) holatiga koʻra, bitta token $43 159 ga tushdi. Bir kun avval bitkoin $46 460 dan sotilgan edi (pasayish taxminan 7%).

Dunyodagi birinchi kriptovalyutaning umumiy kapitallashuvi $817 mlrd ga tushdi.

Mutaxassislar qozogʻistonlik konchilar tomonidan bitkoin qazib olish quvvati kamaygani haqida xabar berishdi. 1THash mayner xeshreyti 82% ga, OKExPool esa 46,3% pasayib ketdi.

5-yanvar kuni Qozogʻistonda ommaviy norozilik namoyishlari davom etayotgan va tartibsizliklarga aylanib borayotgan bir paytda internetni keng koʻlamli blokirovka qilish boshlandi. Bu bitkoin xeshreyt darajasining pasayishiga olib kelgan boʻlishi mumkin, deydi tahlilchilar.

Hozir Qozogʻiston dunyoda bitkoin qazib olishning 18%ini taʼminlaydi va AQShdan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Koʻplab konchilar qoʻshni Xitoyda kriptoaktivlar muomalasi taqiqlanganidan soʻng u yerga koʻchib oʻtdi, buning natijasida mamlakat elektr quvvati taqchilligiga duch keldi.

Boshqa kriptoaktivlar ham kursning pasayishiga kuzatildi, masalan, ether narxi 9,4% ga tushib, $3450ni tashkil qildi. Ularga AQSh Federal zaxirasining asosiy stavkasini oshishi kutilayotgani haqidagi maʼlumotlar taʼsir qildi, deb xabar bermoqda Bloomberg.

Amerika regulyatori 1982-yildan beri eng yuqori choʻqqiga chiqqan inflyatsiyani jilovlamoqchi. FRNT Financial rahbari Stefan Ueletning soʻzlariga koʻra, kriptovalyutalar kursining bunday yangiliklarga boʻlgan munosabati ularga xavfli aktivlar sifatida munosabatning davom etayotganidan dalolat beradi.

Noyabr oyi boshida bitkoin $68 000 dan oshib, oʻzining eng yuqori koʻrsatkichiga yetdi. Dekabr oyining boshidan buyon kurs bir token uchun $47−49 mingni tashkil qildi.