2021-yil 31-dekabr kuni Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan Buxoro viloyatining Buxoro tumanida qurilgan, quvvati 270 MVt boʻlgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasining ilk qurilmasi ishga tushirilgan edi.

Mazkur elektr stansiya kecha, 11-yanvar kuni soat 16:32 da Oʻzbekistonning yagona elektr tarmogʻiga quvvat uzatishni boshladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, ushbu issiqlik elektr stansiyasi yiliga 2,2 mlrd kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, viloyatning 80% isteʼmolini qoplaydi.

Qurilmalarning foydali ish koeffitsiyenti yuqoriligi hisobiga yiliga 260 mln metr kub tabiiy gaz tejaladi. Tejalgan tabiiy gaz hisobiga qoʻshimcha 900 mln kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.

Umumiy qiymati $150 mln ga teng boʻlgan mazkur loyiha Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hisobiga amalga oshirildi.

“Aksa Enerji"ning mamlakatimizdagi yana bir loyihasi Toshkent viloyatida amalga oshirilgan. Bu orqali yiliga 3,9 mlrd kVtsoat elektr energiyasi ishlab chiqaradigan stansiya ishga tushirish rejalashtirilgandi.