Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, jamoat transport tizimi poytaxtdagi oʻzgarishlardan orqada. 350 ta avtobusning foydalanish muddati 10 yildan oshgan, 393 ta avtobus yetishmaydi. Tirbandliklar oqibatida avtobuslar orasidagi interval tigʻiz paytda 30 daqiqagacha yetmoqda.

Oqibatda yoʻlovchilar bu xizmatdan norozi boʻlib, shaxsiy transportdan foydalanishga oʻtib ketmoqda. Toshkent shahrida bu koʻrsatkich 79% ni, jamoat transportidan foydalanish darajasi esa bor-yoʻgʻi 21% ni tashkil etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili 19-oktyabrda Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvda bu borada zarur choralar koʻrilishini aytgan edi. Taqdimotda shu boradagi vazifalar muhokama qilindi.

Aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini hozirgidan 2 barobar oshirish Transport vazirligi va Toshkent shahar hokimligi oldida turgan asosiy vazifa sifatida belgilandi.

Bunda, tizimli yondashuv va odamlar ogʻirini yengil qilish maqsadi ustuvor boʻlishi, barcha transport turlari — yoʻnalishli, temir yoʻl transporti va metro liniyalari, velosiped va piyodalar harakatiga moʻljallangan yoʻllarning uzviy bogʻliqligini taʼminlash va kompleks rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi.

Hududlardan Toshkent shahriga kelishdagi asosiy yoʻllarda 10 ta zamonaviy shohbekat, yoʻlovchilar juda koʻp boʻladigan 6 ta metro bekati yonida avtoturargohlar barpo etish boʻyicha topshiriq berildi.

Joriy yilda “Qoʻyliq-Qipchoq” yerusti metrosi qurilishi ham yakunlanadi. Buning natijasida yengil avtomobildan foydalanayotgan 70 ming aholi uchun jamoat transportida yurishga sharoit yaratiladi.

Yoʻlovchilar oqimining kelgusi 5 yillik prognozidan kelib chiqib, jamoat transporti tizimining iqtisodiy-matematik modelini yaratish, Transport universiteti ilmiy salohiyatini oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Toshkent shahrida transportlar soni yiliga 15 foiz oʻsib, kuniga 800 ming avtomobil harakatlanmoqda. Yoʻllar piyoda va velosipedda yurish uchun qulay emas. 500 dan ortiq katta chorraha boʻlib, aksariyatining oʻtkazuvchanlik darajasi past. Bularning hamda harakatlanish madaniyati pastligi oqibatida yoʻl-transport hodisalari koʻp sodir boʻlmoqda.

Davlat rahbari yoʻl harakatini toʻgʻri tashkil etish orqali mazkur chorrahalarda oʻtkazuvchanlik va qulaylikni oshirish kerakligini taʼkidladi. Bu yil 200 ta chorrahada harakatni transport oqimiga qarab boshqarish tizimi joriy etilishi, 180 km piyoda va velosiped yoʻlaklari qurilishi, 2 mingta avtomobilga moʻljallangan toʻxtash joylari tashkil etilishi belgilandi.

Shuningdek, joriy yilda avtobus parkining 35%i yangilanadi. Buning uchun 410 ta avtobus va elektrobus xarid qilinib, katta sigʻimli avtobuslar soni 2 barobar oshiriladi.

Shaharda elektromobillar soni koʻpayib borayotganini hisobga olib, ular uchun quvvatlash stansiyalarini tashkil etish zarurligi ham taʼkidlandi.

Taqdimotda Toshkent shahrida jamoat transporti va transport infratuzilmasini Germaniya va Rossiyaning megapolislarni rivojlantirish borasidagi ilmiy asoslangan tajribasi asosida takomillashtirish imkoniyatlari toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Shuningdek, jamoat transporti korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirish, “Toshshahartransxizmat” korxonalarini moliyaviy auditdan oʻtkazib, transformatsiya qilish masalasi ham koʻrildi.

Prezident sohani byudjet va boshqa manbalardan tashqari davlat-xususiy sherikchilik asosida ham rivojlantirish zarurligini taʼkidladi.

Transport vazirligi va Toshkent shahar hokimligiga poytaxtda jamoat transportini rivojlantirish konsepsiyasini qayta koʻrib chiqib, keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish topshirildi.

Istiqbolda barcha viloyat markazlaridagi jamoat transportini ularning aholi soni, yashash va ish joylari, rivojlanish xususiyatlaridan kelib chiqib poytaxt tajribasi va ilmiy yondashuv asosida takomillashtirilishi taʼkidlandi.