Spot avval yozganidek, Chimyonda yangi xalqaro dam olish maskani quriladi.

1-fevral kuni Turizm va sport vazirligida Bildersoy-Chimyon-Nanay kurorti loyihasi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Shu bilan birga, Toshkent viloyatini kompleks rivojlantirish boʻyicha birinchi bosh loyiha jamoatchilikka taqdim etildi.

Obyektni qurish boʻyicha kelishuv Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil oktabr oyida Fransiyaga tashrifi chogʻida imzolangan, 2021-yilning may oyida esa uni moliyalashtirish kelishib olingan edi.

Loyiha qiymati $269 mln ni tashkil etadi, bu Fransiya gʻaznasi mablagʻlari, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy va mahalliy sarmoyalarni oʻz ichiga oladi.

Bu pul evaziga Chimyon togʻ tizmasida 6 ming oʻringa moʻljallangan turistik majmua barpo etiladi. Bosh reja va iqtisodiy model ustida fransuz kompaniyalari konsorsiumi ishladi.

Rejaga koʻra, majmua turli “qiyinchilikdagi” 11 ta changʻi pogʻonasini oʻz ichiga oladi. Ularning umumiy uzunligi 20 km ni tashkil qiladi. Ulardan tashqari loyiha 20 dan ortiq koʻngilochar turlarini — yopiq basseyn, zipline, qoyaga chiqish, togʻ velosipedi va boshqa attraksionlarni koʻzda tutadi.

Majmuada uchta stansiyadan iborat kanat yoʻli ham quriladi. Eng baland stansiya 3309 metr balandlikda joylashgan boʻlib, Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi eng baland stansiyaga aylanadi.

Majmua uch bosqichda quriladi va uning umumiy qiymati qariyb $500 mln ni tashkil etadi. Ishga 2021-yil dekabr oyida kirishish rejalashtirilgan edi, biroq ayrim sabablar bilan keyinga surildi.

Bu Oʻzbekistonda xorijiy yordam bilan qurilgan birinchi kurort emas. 2019-yil dekabr oyida Andorra PGI rahbarligida tashkil etilgan Amirsoy majmuasi mehmonlarni qabul qila boshladi. Qurilishning ikkinchi bosqichi 2020-yil sentyabr oyida tasdiqlangan.