“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida"gi Qonunga qoʻshimchalar kiritildi.

Unga koʻra, Sanoat mulki obyektlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi, shuningdek yuridik shaxslar tomonidan jarimani toʻlash tartibi belgilandi.

Shunga asosan, tegishli patentlangan sanoat mulki obyektini oʻz ichiga olgan mahsulotni yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qoʻllash, import qilish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yoʻsinda kiritish kabi harakatlarni sodir etgan yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha jarima solinishi mumkin.

Jarima summasi miqdorining 70%i huquqbuzar tomonidan bir oy ichida ixtiyoriy ravishda toʻlangan taqdirda, huquqbuzar jarimaning qolgan summasini toʻlashdan ozod etiladi.

Qonun bilan “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida"gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, barcha yuridik yoki jismoniy shaxs oʻz nomiga tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazishi mumkin (ilgari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirgan shaxslar uchun edi).

Tovar belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi, shuningdek yuridik shaxslar tomonidan jarimani toʻlash tartibi belgilandi.

Shunga koʻra, tovar belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki ular bilan adashtirib yuboradigan darajada oʻxshash boʻlgan bir turdagi tovarlar uchun belgilardan qonunga xilof ravishda foydalanish yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.