Hukumat qaroriga koʻra, 2022-yil 1-iyuldan avtomobil yoʻllari sohasiga tegishli maʼlumotlar bazasini oʻz ichiga olgan “Shaffof yoʻl” platformasi test rejimida ishga tushiriladi.

Qaror bilan mazkur platformada joylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar (17 ta) roʻyxati tasdiqlandi.

“Shaffof yoʻl” platformasining alohida sahifasi orqali aholining yoʻllar nosozligi, shuningdek, yoʻllarda va yoʻl boʻyida xavfsiz harakatlanish uchun yuzaga kelgan favqulodda texnik muammolar (svetoforlar va yoʻl belgilar oʻrnatilmaganligi yoki ularning shikastlanganligi, tabiiy ofatlar natijasida yuzaga keladigan hodisalar ortidan hosil boʻladigan oqibatlar) haqida foto va videomurojaatlar — jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladi.

2022-yil 1-maygacha avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash obyektlarining interaktiv onlayn xaritasi-sxemasi ishlab chiqilib, platformaga joylashtiriladi.

2023-yildan boshlab va keyinchalik har yili keyingi yilda qurilishi, rekonstruksiya qilinishi, taʼmirlanishi nazarda tutilgan barcha toifadagi yoʻl uchastkalarini xaritaga joylashtirish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Qarorga koʻra shuningdek, 2022-yil 1-martgacha ichki xoʻjalik yoʻllarining joylashgan manzili (geopozitsiyasi), toʻliq nomi, uzunligi, holati (asfaltlangan, taʼmirtalab) va boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan Ichki xoʻjalik yoʻllari reyestri shakllantiriladi.

2023-yil 1-yanvardan “Shaffof yoʻl” platformasi toʻliq ishga tushiriladi.