Oʻzbekistonda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari tarmogʻi rivojlantiriladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

2022 yilning 4-choragiga qadar elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari tarmogʻini yaratish va rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi.

Bunda, respublikada faoliyat yuritayotgan AGTKSh, AYoQShlarda, aholi koʻp yigʻiladigan obyektlar hududlarida elektr quvvatlantirish, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalari yordamida quvvatlantirish stansiyalarini oʻrnatilishi nazarda tutiladi.

Bu jarayonda kerakli uskunalarni mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olinishiga alohida eʼtibor beriladi.

Oʻzbekistonda elektromobillar infratuzilmasi

Infratuzilma talab bilan birga rivojlanadi. Plugshare maʼlumotlariga koʻra, hozirda Oʻzbekistonda 33 ta elektr stansiyasi faoliyat koʻrsatmoqda. Baʼzi kompaniyalar buni oʻz profilining bir qismi sifatida amalga oshiradilar (Tok Bor, Megawatt Motors), boshqalari uchun bu qoʻshimcha xizmatdir (Makro).

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha qator tashabbuslar ilgari surilmoqda. Ular orasida “Oʻzavtosanoat” korxonalarini elektromobillar ishlab chiqarishga oʻtkazish loyihasi ham bor.

Hozircha amalga oshirishga eng yaqin narsa bu Fargʻonadagi loyiha boʻlib, sentyabr oyida eʼlon qilingan edi. Sinov partiyasi dekabr oyida konveyerdan chiqariladi va seriyali ishlab chiqarish 2022-yilda boshlanishi vaʼda qilingan. Zavod yiliga 10 mingtagacha avtomobil ishlab chiqarishi rejalashtirilmoqda.

Bir guruh olimlar elektromobillar uchun quvvatlash stansiyasini taqdim etdi. Stansiya quyosh panellaridan quvvat olishi mumkin.