Elektron auksion maʼlumotlariga koʻra, 7−9 fevral kunlari Toshkent shahridagi radarlar oʻrnatish uchun moʻljallangan 92 ta joy elektron auksion orqali sotildi.

Yakuniy baholar summasi 66,61 mlrd ni, lotlarning umumiy boshlangʻich bahosi 395,55 mln soʻmni tashkil etdi. Auksion davomida umumiy qiymat 168,4 baravarga oshdi.

Taqqoslash uchun, yanvar oyida 69 ta nuqtaning umumiy qiymati salkam 21 mlrd soʻmni yoki dastlabki koʻrsatkichdan 68 barobar koʻpni tashkil qildi.

Bu gal 2 nafar xaridor — “Microyol” va jismoniy shaxs eng koʻp savdo nuqtalarini xarid qildi. Bunda jismoniy shaxs 63 ta savdo nuqtalarini sotib olgan boʻlsa, kompaniya esa bor-yoʻgʻi 28 tani xarid qildi. Ilgari kameralar uchun uchastkalarni ommaviy ravishda sotib olgan 64-BIT kompaniyasi oʻzini bitta uchastka bilan cheklagan.

Barcha auksionlar savdosi kamida bir necha soat, ayrimlari bir kundan ortiq davom etdi. Toʻrtta auksionda esa ikki kundan ortiq davom etdi (61 soat 40 daqiqa) va barchasida fuqaro gʻolib chiqdi.

  • Kichik halqa yoʻli — Oqqoʻrgʻon chorrahasida joylashgan uchastkaning narxi 437 barobarga qimmatlashgan. Uning boshlangʻich bahosi 4,05 mln soʻm boʻlgan boʻlsa, yakuniy narx 1,76 mlrd soʻmni tashkil etdi. Bu eng qimmat sotilgan lotga aylandi.
  • Yakuniy narx boʻyicha ikkinchi oʻrinni Beruniy va Nurafshon koʻchalari chorrahasida (“Tinchlik” metro bekati yaqinida) 1 mlrd 534 mln soʻm yoki boshlangʻich bahosidan 379 baravar qimmat boʻlgan, 8 ta kamera joylashtirishga moʻljallangan uchastka egalladi.
  • Labzak — Zulfiyaxonim chorrahasidagi joy 369 barobar qimmatlab, 1 mlrd 490 mln soʻmga auksionni tark etdi.
  • Abdulla Qodiriy — Qorasaroy chorrahasi narxi 325 barobarga oshib, 1 mlrd 319 mln soʻmga yetdi.

Jami 9 ta lot 300 barobardan ortiq, 27 tasi 200 baravardan 300 barobarga, 32 tasi 100−200 barobarga qimmatlashgan.

Eng arzon narxda sotilgan lot — Muhammad Yusuf (Dogʻiston) — Boʻzbozor burchagidagi nuqta boʻlib, u 28,9 mln soʻmga xarid qilindi.

Auksion orqali radar

Tadbirkorlarga joriy yilning 1-martidan boshlab yoʻllarga kameralar va radarlar oʻrnatishga ruxsat berildi. Yer uchastkalari onlayn auksionlar orqali taqdim etiladi.

Auksion gʻoliblari uchastkalarni boshqa tadbirkorlarga oʻtkazish huquqi bilan cheklanmagan muddatga oladi. 2021−2022-yillarda shu tarzda 3356 ta videokamera va 763 ta radar oʻrnatish rejalashtirilgan.

Bunday lotlar katta talabga ega. Auksion paytida narxlar oʻn martalab oshishi mumkin,masalan, iyul oyida Xorazmdagi bitta hudud 40 mln soʻmga yoki boshlangʻich bahosidan 27 baravar qimmatga sotib olindi.