Prezident Farmoniga asosan Hisob palatasining “Davlat auditi” dasturiy kompleksi ishga tushirildi.

Dasturiy kompleksdan ko‘zlangan maqsad — byudjet tashkilotlaridagi tekshiruvlarni tartibga solish, nazorat tadbirlarining samaradorligini oshirish va nazorat jarayonlarida inson omilini kamaytirish.

Joriy yildan boshlab, barcha davlat moliyaviy nazorati tadbirlari, shu jumladan ichki audit xizmatlarining audit tadbirlari majburiy tartibda “Davlat auditi” dasturiy kompleksida ro‘yxatga olinadi.

Joriy qilingan yangi tizim orqali byudjet tashkilotlarining huquqlari himoya qilinadi, ularda qayta-qayta tekshirishlar o‘tkazish holatlari hamda faoliyatiga asossiz aralashuvlar oldi olinadi.

Dasturiy kompleksning ishga tushirilishi moliyaviy nazorat organlari faoliyatini tartibga solish, korrupsion omillarni oldini olish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish hamda vertikal nazorat tizimini o‘rnatish imkonini yaratadi.

Avvalroq Spot, 2022-yilning 1-yanvaridan boshlab fuqarolar ishtirokida audit o‘tkazish tizimi joriy etilishi haqida xabar bergan edi.