Kundalik platformasi uning ishlashi bilan bogʻliq barcha uzilishlarni bartaraf etdi. Bu haqda Spotga kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniya yil boshida Kundalik tizimining ishlashida muammolarga duch kelgan foydalanuvchilardan uzr soʻradi (3-chorakda Oʻzbekistonda oʻqish onlayn tarzda boshlandi).

Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga koʻra, qiyinchiliklar asosan bajarilgan uy vazifalarini tizimga yuklash jarayonida yuzaga kelgan. Fayllarni biriktirish uchun bir necha soat kerak boʻldi, xatolar tufayli urinishlarni qayta-qayta takrorlash talab etildi. Vaziyat oʻqituvchilar tomonidan qatʼiy muddatlar belgilab qoʻyilgani, keyin esa ish qabul qilinmaganligi sababli yanada ogʻirlashdi.

Vaziyatni hisobga olgan holda, XTV oʻqituvchilar va talabalarga onlayn oʻqitish jarayonida fayllarni almashish uchun ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardan foydalanishga ruxsat berdi.

Muammolar davlat maʼlumotlarini qayta ishlash markazida amalga oshirilgan server quvvatlarini texnik modernizatsiya qilish bilan bogʻliq edi. Pandemiya yangi uskunalarni ishlab chiqarish vaqti va logistikasiga taʼsir koʻrsatdi, shu sababli kompaniya yanvar oyida onlayn oʻqitish boshlanishiga qadar yangi uskunalarni qabul qilish va oʻrnatishga ulgurmadi.

“Hozirgi vaqtda uzilishlar bartaraf etilgan, modernizatsiya jarayoni davom etmoqda. „Oʻzbektelekom“ tomonidan taqdim etilayotgan serverlar oʻzining zamonaviy va yanada kuchli uskunalari bilan toʻldiriladi”, — deyiladi Kundalik matbuot xizmatida.

Avvalroq Spot Kundalik ota-onalarga farzandining joylashuvini kuzatish imkonini beruvchi ilovani chiqargani va Zoom-ni oʻz platformasiga integratsiyalashgani haqida yozgan edi.