“Ipak yoʻli” banki “Сбербанк Online"dan pul oʻtkazmalarini qabul qilishni, shuningdek, “Unistream” xizmati bilan ishlashni toʻxtatdi. Bu haqda bankning Telegram kanalida xabar berildi.

Cheklovlar “texnik sabablarga koʻra” joriy qilingan va vaqtinchalik, deyiladi xabarda. Bank xizmatni qayta tiklash haqida qoʻshimcha xabar berishga vaʼda beradi.

Bank Unistream orqali pul oʻtkazmalarini joʻnatish va qabul qilishni chekladi. Qayd etilishicha, bank ofislarida Western Union, MoneyGram va Zolotaya Korona orqali pul oʻtkazmalari odatdagidek davom etmoqda.

Bundan tashqari, “Ipak yoʻli” “Сбербанк” ilovasidan oʻz kartalariga pul oʻtkazishni toʻxtatgan ikkinchi oʻzbek bankiga aylandi. 25-fevral kuni “Hamkorbank” ham xuddi shunday choralarni eʼlon qildi. Keyinchalik bank ushbu xizmat qayta tiklanganini xabar qildi.

“Сбербанк” Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan keyin qabul qilingan Rossiya kompaniyalariga qarshi yangi sanksiyalar paketida paydo boʻldi. Unga nisbatan cheklovlar AQSh, Kanada va YeI davlatlari rasmiylari tomonidan kiritilgan.

Xususan, Amerika moliya institutlariga 30 kun ichida “Сбербанк"ning barcha vakillik hisoblarini yopish va shundan soʻng bank yoki uning shoʻba korxonalari bilan bogʻliq operatsiyalarni rad etish buyurilgan.

Biroq bankning AQShdagi aktivlari muzlatilmaydi. “Сбербанк” hali ham xaridor sifatida Amerika korxonalari bilan operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin (masalan, dasturiy taʼminot).