Navroʻz bayrami munosabati bilan 2022-yil 19−23 mart kunlari ichki turizm yoʻnalishidagi sayohatlar uchun qator chegirmalar joriy qilindi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga koʻra, Uzbekistan Airways" AJ tomonidan Respublika aholisi uchun ichki respublikalararo qatnovlarga barcha turdagi tariflarga 50 foiz chegirma joriy qilindi.

Shuningdek, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan respublikaning barcha ichki qatnovlari uchun:

  • nafaqaxoʻrlar, nogironlar, 1941−1945-yil urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan fuqarolar uchun — 50%;
  • oliy oʻquv yurtlari talabalari, maktab oʻquvchilari, kollej va litsey talabalari, IIV, MV, DXX, DSQ va DBX maxsus taʼlim muassasalari talabalari uchun — 15%;
  • oilalarga (ikki va undan ortiq kishi — eri va rafiqasi, er yoki rafiqasi va
  • 18 yoshgacha boʻlgan farzandlari, otasi yoki 18 yoshga toʻlmagan bolasi boʻlgan ona) (nikoh guvohnomasi va qarindoshlikni belgilovchi hujjatlar nusxasi taqdim etilgan holda) uchun — 15%;
  • kollektiv (hamkasblarga) guruhdagilar uchun — 15%;
  • “Afrosiyob” tezyurar elektropoyezdlarida barcha toifadagi yoʻlovchilar uchun — 10% chegirmalar joriy qilindi.

“Shu bilan birga, respublika boʻylab joylashgan muzeylar, mehmonxonalar, ovqatlanish shoxobchalari tomonidan beriladigan (ixtiyoriy) chegirmalar hamda rejalashtirilgan tadbirlar, Ichki turizm yoʻnalishida faoliyat olib boruvchi turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari roʻyxati ilovaga muvofiq yuborilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tasarrufidagi pullik kirish chiptalari joriy qilingan ziyoratgohlariga kattalar uchun 20% hamda yoshlar uchun 50% chegirmalar joriy qilindi.