Prezident farmoyishi bilan davlat rahbarining sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan “ochiq muloqoti"da belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

2022-yil 1-iyundan quyidagilar amalga oshiriladi:

  • sogʻliqni saqlash tizimi xodimlarining oylik maoshini malaka toifasiga qarab qoʻshimcha 15% gacha oshirish;
  • yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokorlarga qoʻshimcha 25% miqdorida ustama toʻlashni joriy etish.

2022-yil 1-maydan:

  • barcha tibbiyot xodimlari uchun dastlabki va davriy kasbiy tibbiy koʻrikni bepul oʻtkazish;
  • qon bilan bevosita ishlayotgan tibbiyot xodimlarini gepatit “V” kasalligiga qarshi bepul emlash koʻzda tutilmoqda.

2022/2023-oʻquv yilidan:

  • hududlarda shifokorlarga boʻlgan haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqib, tibbiyot OTMda davlat grantlari asosida qabul kvotalari maqsadli oshirib borish;
  • ftiziatriya, gematologiya, nefrologiya, pulmonologiya, psixiatriya, shoshilinch tibbiy yordam, laboratoriya ishi, yuqumli kasalliklar kabi 15 ta tor sohadagi mutaxassislik boʻyicha magistraturaga davlat grantlarini 4 baravarga oshirish moʻljallangan.

Bundan tashqari:

  • olis va chekka hududlar oilaviy shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalarining shifokorlari oylik ish haqiga qoʻshimcha 2 mln soʻm har oylik ustama belgilash;
  • “Qishloq shifokori” dasturi doirasida jalb qilingan shifokorlarga ipoteka asosida uy-joy sotib olish xarajatlarining 50 foizigacha qismini mahalliy byudjetlar mablagʻlari hisobidan qoplab berish;
  • olis va chekka hududlarda uzluksiz 3 yil ishlagan shifokorlarni klinik ordinaturaga test sinovlarisiz qabul qilish;
  • oʻz mahallasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilgan, shaxsiy namuna koʻrsatgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari uchun “Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishonini taʼsis etish rejalashtirilgan.