Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan avtomobil bozoridagi savdo oʻzgarishlari tahlil qilindi.

Qayd etilishicha, 2022-yil mart oyida 112,1 ming dona avtotransport vositalari davlat roʻyxatidan oʻtkazildi va bu oʻtgan yilning mart oyiga (55,5 ming) nisbatan 102% ga koʻproqdir. Shu bilan birga, joriy yilning fevral oyiga nisbatan 12,7% ga pasayish kuzatildi.

Oʻtgan yanvar-fevral oylaridagi kabi avtomashinalarni roʻyxatga olishning koʻpayishi avtomobillarni xarid qilish uchun toʻlovlarning bekor qilinishi bilan bogʻliq. Xususan, Oʻzbekistonga avtotransport vositalarini sotib olish va/yoki vaqtincha olib kirish uchun yigʻimlar bekor qilindi. 2022-yil 1-yanvardan boshlab ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobillarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish narxi pasaytirildi va ushbu oʻzgarishlarning taʼsiri mart oyida ham davom etdi, — deyiladi tahlilda.

Ikkilamchi bozor

2021-yilda ikkilamchi bozorda bir oyda oʻrtacha 40 ming dona avtomobillar sotilgan boʻlsa, joriy yil mart oyida ushbu koʻrsatkich 84,7 mingni tashkil etdi, yanvar oyida 85,3 mingga, fevral oyida 101 mingga yetgan edi.

Birlamchi bozor

Birlamchi bozordan xarid qilingan avtomobillar soni 27,5 ming donani tashkil etib, fevral oyiga (27,4 ming) nisbatan 0,3% ga oʻsdi. 2021-yilning martiga (18,2 ming) nisbatan esa 51% ga oshdi.

Fevral oyi bilan taqqoslaganda yangi avtomobillar savdosida sezilarli darajada oʻsish Fargʻona (43%), Namangan (23%), Jizzax (20%) viloyatlarida kuzatildi. Shu bilan birga, Qashqadaryo (-31%), Samarqand (-13%), Toshkent (-16%), Navoiy (-7%) va Andijon (-5%) viloyatlarida pasayish qayd etildi.

Inomarkalar savdosi

Chet elda ishlab chiqarilgan yengi avtomobillar oldi-sotdisi boʻyicha shartnomalar soni 1,3 ming donani tashkil etdi, bu esa fevral oyi koʻrsatkichidan 2,5%ga kamroqdir.

Mavzuga doir: Oʻzbekistonga “inomarka"lar asosan qayerdan import qilinayotgani maʼlum boʻldi.