“To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida"gi Qonun (O‘RQ-763-son, 12.04.2022 y.) Prezident tomonidanimzolandi.

Qonunga ko‘ra, to‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari quyidagilardan iborat:

  • vaqtincha to‘lovga qobiliyatsizlik — majburiyatni 3 oyda bajara olmaslik (shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxonalar tomonidan esa 6 oy ichida bajarolmaslik);
  • doimiy to‘lovga qobiliyatsizlik — sudga ariza berish sanasidagi va ariza berilgan yilning boshidagi hisobot davrida qarzdorning majburiyatlari uning aktivlari qiymatidan oshib ketishi.

To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Qarzdor pul majburiyatlarini bajarmaganligi munosabati bilan unga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza bilan sudga murojaat etish huquqiga qarzdorning o‘zi va kreditor ega.

To‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari aniqlangan taqdirda davlat soliq xizmati, davlat statistika organlari vakolatli davlat organiga ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi bo‘lgan korxonalar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishi shart.

To‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari qo‘llanilayotganda barcha kreditorlarning manfaatlarini kreditorlar yig‘ilishi yoki kreditorlar qo‘mitasi himoya qiladi.

Ushbu Qonun bilan jismoniy shaxslarni ham bankrot deb topish mumkinligi belgilandi. Ilgari qonunchilikda bunday tartib-taomillar nazarda tutilmagan.

Jismoniy shaxsga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqida sudga ariza bergan arizachi tomonidan moliyaviy boshqaruvchiga haq to‘lash uchun sudning depozit hisobvarag‘iga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 7 baravari miqdorida oldindan pul mablag‘lari o‘tkaziladi.

To‘lovga qobiliyatsizlikning soddalashtirilgan tartibi qo‘llanilganda, agar qarzdor bilan boshqacha kelishuv belgilangan bo‘lmasa, sud boshqaruvchisiga haq to‘lash xarajatlarining o‘rni qarzdorga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqida ariza bergan arizachi tomonidan qoplanadi.

Bunda sud boshqaruvchisiga haq to‘lash uchun sudning depozit hisobvarag‘iga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 7 baravari miqdorida oldindan to‘lov amalga oshiriladi. Sud boshqaruvchisiga haq har bir yakunlangan ishi uchun to‘lanadi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi vakolatli davlat organidir.

Qarzdorni davlat tomonidan yordam ko‘rsatgan holda sudgacha sanatsiya qilish 12 oydan 24 oygacha muddatga joriy etiladi.

Davlat tomonidan yordam ko‘rsatgan holda sudgacha sanatsiya qilish tartib-taomili uning samarasizligi aniqlanganligi munosabati bilan bekor qilinishi mumkin.

To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish sud majlisida qarzdorning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza ish yuritishga qabul qilinganligi to‘g‘risida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran 2 oydan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqilishi kerak. To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish alohida hollarda 1 oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.

To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sud hujjatlari darhol ijro etilishi lozim.

Sudning jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi ajrimi yoki jismoniy shaxsni bankrot deb topish va uning mol-mulkini sotish tartib taomilini boshlash to‘g‘risidagi qarori chiqarilguniga qadar undiruvni garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jismoniy shaxsning mulkiy holati yaxshilangan taqdirda, kreditorlar yig‘ilishi jismoniy shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish rejasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat qilishga haqli.

Ushbu Qonun kuchga kirishi bilan 1994-yil 5-maydagi “Bankrotlik to‘g‘risida"gi Qonun o‘z kuchini yo‘qotadi.