“Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJning xabar berishicha, 2022-yil 5-may kuni Toshkent — Andijon — Toshkent yoʻnalishida harakatlanadigan 60/59-sonli hamda 62/61-sonli yoʻlovchi poyezdlar harakati vaqtincha, yaʼni bir kunga toʻxtatiladi.
Xabarga koʻra, Fargʻona vodiysidagi noqulay ob-havo sharoiti va togʻli hududlarda kuchli yogʻingarchilik kuzatilganligi bois, poyezdlar harakati hamda yoʻlovchilarning xavfsizligini taʼminlash maqsad qilingan.
Qayd etilishicha, yoʻlovchilarga xarid qilingan chiptalar qiymati 100% miqdorda qaytarib beriladi.
Shuningdek, vodiy viloyatlarida harakatlanadigan elektropoyezdlar harakat jadvaliga ham oʻzgartirish kiritiladi.
Qoʻshimcha maʼlumotni Toshkent shahridagi 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temir yoʻl kassalari hamda maʼlumotlar byurosidan bilib olish mumkin.