“Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” xabar berishicha, 2022-yil 10-may kuni soat 08:30 dan 11-may kuni soat 06:30 ga qadar “Toshkent MTU” UK yoʻlsozlari tomonidan Toshkent — Hojikent yoʻnalishida kapital taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi.

Poyezdlar harakat xavfsizligi hamda yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash maqsadida, 2022-yil 10-may kuni Toshkent — Hojikent — Toshkent yoʻnalishida harakatlanadigan 6429, 6430, 6435, 6436, 6437, 6441 hamda 11-may kuni ushbu yoʻnalishda harakatlanadigan 6442 va 6440-sonli shaharlararo yoʻlovchi poyezdlar qatnovi bekor qilinadi.

11-may kuni soat 06:30 dan boshlab, ushbu shaharlararo harakatlanadigan elektropoyezdlar oʻz harakat jadvali boʻyicha qatnovini amalga oshiradi.

Avvalroq Toshkent — Andijon — Toshkent yoʻnalishidagi poyezdlar qatnovi vaqtincha toʻxtatilgandi. Ayni paytga kelib qatnov tiklangan.