Soʻnggi paytlarda Rossiya rubli dollar, soʻm va boshqa valyutalarga nisbatan sezilarli darajada mustahkamlanib bormoqda. Kuni kecha Rossiya valyutasi tarixiy maksimal darajaga yetdi — 6 may kuni Markaziy bank rubl kursini 169,8 soʻm etib belgiladi.

Rossiyada 11-mart kuni valyuta kursi bir dollar uchun 120 rublga teng boʻlgan boʻlsa, 7-mayga kelib u deyarli ikki barobarga oshib, 67 rublni tashkil qildi. Bu 2020-yil boshidan beri rublning dollarga nisbatan eng past kursi boʻlib, bir dollar uchun 62−64 oraligʻida edi.

Rublning mart oyidagi eng past darajasidan keyin sezilarli darajada mustahkamlanishi bir qancha obyektiv sabablarga ega.

Rubl erkin konvertatsiya qilinadigan valyuta boʻlishdan toʻxtadi. Rossiya Markaziy banki valyuta nazoratini joriy etish orqali kapital nazoratini joriy qildi. Masalan, eksportyorlar valyuta tushumining 80%igacha sotishlari shart edi. Bundan tashqari, fuqarolar $10 mingdan koʻp boʻlmagan mablagʻni oʻz hisob raqamlaridan yechib olishlari yoki mamlakatdan tashqariga olib chiqishlari mumkin.

Xorijiy valyutaga biznes talabi ham pasaymoqda. Vladimir Putinning farmoniga koʻra, Rossiya kompaniyalari xorijiy kreditorlar oldidagi qarzlarni rublda toʻlash huquqini oldi.

Rossiya hukumati aholi va biznes tomonidan chet el valyutasiga boʻlgan talabni cheklaydi, bu faqat valyuta bozoridagi taklifning valyutaga boʻlgan talabdan sezilarli darajada oshishiga yordam beradi.

Rossiya iqtisodiyoti importning qisqarishiga duch kelmoqda. Bunda asosiy omillar:

  • Gʻarb sanksiyalari;
  • kompaniyalarni Rossiya bozoridan chiqish ketishi;
  • logistika muammolari;
  • oʻzaro hisob-kitoblar bilan bogʻliq qiyinchiliklar, chunki koʻplab rus banklari SWIFT-dan uzilgan.

Biroq, bu bayonotni statistik maʼlumotlar bilan qoʻllab-quvvatlash qiyin, chunki Rossiya Federal bojxona xizmati (FTS) “notoʻgʻri hisob-kitoblar, taxminlar va nomuvofiqliklar” ning oldini olish uchun eksport va import toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor qilmaydi.

Iqtisodiy inqirozlar davrida import eksportga qaraganda koʻproq qisqaradi, chunki import qilinadigan tovarlar uy xoʻjaliklari daromadlari va shunga mos ravishda talabning pasayishi tufayli raqobatbardoshligini yoʻqotadi. Milliy valyutaning qadrsizlanishi eksportning pasayishini yumshatadi.

Bunday vaziyatda Rossiyada tovar va xizmatlar importi eksportga qaraganda sezilarli darajada pasayib, tashqi savdo balansini oshirdi.

Energiya eksportining yuqori hajmi mamlakatning ijobiy savdo balansini qoʻllab-quvvatlaydi. Bugungi kunda rublning kursini aniqlashda savdo oqimlari hal qiluvchi rol oʻynaydi. Aprel oyining oxiri va may oyi boshida rublning mustahkamlanishiga eksportchilar tomonidan valyuta tushumlarini anʼanaviy sotish taʼsir koʻrsatdi.

Oxirgi ikki oyda Rossiya neft, gaz va koʻmir eksportidan 62 mlrd yevroga yaqin daromad oldi. Agar eksportchilarning valyuta tushumining 80%ini sotish majburiyatini hisobga olsak, u holda neft dollarlarining tez kirib kelishi bozorni talabdan ortiq valyuta taklifini taʼminlaydi.

Turistik faollikning pasayishi. Chet el valyutasiga boʻlgan talabning asosiy elementlaridan biri aholining chet elga chiqib ketishi boʻldi. Biroq, bu omil rossiyaliklar uchun sayohat cheklovlari tufayli sezilarli darajada zaiflashdi. Masalan, 36 davlat, jumladan, Yevropa Ittifoqining barcha davlatlari, AQSh, Kanada havo hududini Rossiya samolyotlari uchun yopgan. Federal xavfsizlik xizmati (FSB) maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilning birinchi choragida oʻtgan yilning toʻrtinchi choragiga nisbatan 36% ga kamroq rossiyaliklar chet elga ketgan.

Rossiya rublining soʻmga nisbatan kursi 6 may holatiga koʻra bir rubl uchun 170 soʻm chegarasiga yaqinlashdi.

2021-yil yakuniga koʻra, Rossiya $7,517 mlrd hajmi bilan Oʻzbekistonning asosiy tashqi savdo sherigi boʻlgan, shu sababli rublning oʻzgarishi soʻmga taʼsir koʻrsatmoqda.

Gʻarb sanksiyalari Rossiya iqtisodiyotini muhim tarkibiy qismlarni import qilish imkoniyatidan mahrum qildi, shuning uchun Rossiya import taʼminotini qayta yoʻnaltirishni boshladi. Masalan, “Innoprom. Markaziy Osiyo 2022” xalqaro koʻrgazmada Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov mamlakat avtomobil zavodlariga butlovchi qismlar yetkazib berish masalasi muhokama qilinayotganini maʼlum qildi.

Shuningdek, tomonlar milliy valyutalarda oʻzaro hisob-kitoblarga oʻtish masalasi ustida ishlamoqda. Oʻzbekiston investitsiyalar va savdo vaziri oʻrinbosari Shuhrat Vafoyevning fikricha, Rossiya bilan rublda savdo qilish katta xavf tugʻdirmaydi, chunki Oʻzbekiston eksportdan koʻproq import qiladi. Savdoda Rossiya rubliga oʻtish mamlakatdan chet el valyutasining chiqib ketishini kamaytirishga yordam beradi.

Kelajakdagi kurs dinamikasi

Yaqin kelajakda Rossiya valyutasi bir qator devalvatsiya xatarlariga duch keladi, bu esa rublning dollarga nisbatan joriy kursini moslashtirishga olib keladi. Ehtimoliy sabablarga quyidagilar kiradi.

Rossiya Markaziy banki tomonidan valyuta cheklovlarini bosqichma-bosqich bekor qilish. Rublning mustahkamlanishi fonida Markaziy bank asosiy stavkani 20% dan 14% gacha pasaytira boshladi, bu esa bankdagi rubl depozitlarining jozibadorligini pasaytiradi. Bozor regulyatorning pul-kredit siyosatini yanada yumshatishini kutmoqda. Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina eksportchilardan olinadigan eksport tushumini majburiy sotish talabini 80% dan 50% ga, neft boʻlmagan eksportyorlar uchun esa 0% ga kamaytirish imkoniyatini maʼlum qildi. Ushbu chora-tadbirlar bozorda xorijiy valyuta taklifini kamaytirishga yordam beradi.

Makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning yomonlashishi. 2022-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 10% ga, shuningdek, inflyatsiya 20% ga qisqarishi kutilmoqda. Iqtisodiyot tanazzulga uchragan boʻlsa, bu mamlakatning milliy valyutasiga boʻlgan talab pasayadi, bu devalvatsiyaga olib keladi. Rossiya iqtisodiyotida chuqur retsessiya va kuchli rubl bilan vaziyat yuzaga kelishi ehtimoldan yiroq emas.

Eksportning pasayishi. Ukraina hududida jangovar harakatlar davom etar ekan, Rossiya iqtisodiyoti Gʻarb tomonidan tobora kuchayib borayotgan sanksiyalar bosimi ostida qoladi. Masalan, sanksiyalarning oltinchi paketida YeI davlatlari Rossiya neftiga embargo qoʻyish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda. Rossiya Moliya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, aprel oyida neft va gazdan tushgan daromadlar hajmi kutilganidan 133 mlrd rublga kam boʻlgan. Rossiya energetika kompaniyalari eksport tushumlarining pasayish tendensiyasi kelajakda ham davom etishi mumkin.

Rossiyaga import yetkazib berishni tiklash. Sanksiyalar qoʻllanilishi va xorijiy kompaniyalarning Rossiya bozoridan chiqib ketishining dastlabki zarbasi taʼminot zanjirlarini buzdi. Biroq, beri logistika tiklanmoqda va import bozorga kirish uchun vaqtinchalik yechimlarni topmoqda.

Rossiya hukumati xorijiy mahsulotlarning parallel importini (mualliflik huquqi egasining tovarni olib kirishga hujjatlashtirilgan roziligi boʻlmagan shaxslar tomonidan asl tovarni mamlakatga olib kirishi — tahr.) tasdiqlash boʻyicha bir qator choralar koʻrdi. Importning oʻsishi eksportchilarning valyuta tushumlarining bir qismini yeb qoʻyadi, biznes tomonidan valyutaga boʻlgan talabni oshiradi.

Nimalar kutilmoqda

Rossiya valyutasining yaqinda mustahkamlanishini vaqtinchalik hodisa sifatida koʻrish mumkin, bu koʻplab obyektiv va sunʼiy omillar tufayli yuzaga keldi. Biroq, boshqacha tahlil qilinganda, yil oxiriga kelib devalvatsiya xatarlari ogʻirlasha boshlashi aniq boʻladi, shuning uchun rublning hozirgi eng yuqori koʻrsatkichlardan zaiflashishi eng ehtimolli ssenariyga oʻxshaydi.

Rossiya rubli dollarga nisbatan zaiflasha boshlagach, bu muhim tashqi savdo hamkorlari boʻlgan Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarining milliy valyutalariga taʼsir qilishi mumkin.