Vazirlar Mahkamasi “Samarqand” aeroportini DXSh asosida “Air Marakanda"ga oʻtkazishni tasdiqladi. Tegishli qaror Lex.uz maʼlumotlar bazasida eʼlon qilindi.

“Uzbekistan Airports” davlat-xususiy sheriklik shartnomasini 2021-yil sentyabr oyida imzolagan edi. Unga koʻra, yangi kompaniya havo bandargohini modernizatsiya qiladi, soʻngra yoʻlovchilar va aviatashuvchilarga xizmat koʻrsatadi.

Bundan tashqari, aprel oyida yangi aeroport operatori Moliya vazirligi bilan davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha shartnoma imzoladi. Mazkur hujjat ham qaror bilan tasdiqlandi.

DXSh va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash shartnomalari amal qilish muddati davomida “Air Marakanda” Oʻzbekistonda tovarlar, xizmatlar va ishlarning narxini xorijiy valyutalarga bogʻlash huquqiga ega.

Shuningdek, korxonalarga istisno tariqasida kredit olish uchun xorijiy banklarda toʻgʻridan-toʻgʻri hisob raqamlarini ochishga ruxsat beriladi. Qarzga olingan mablagʻlar hisobidan u Oʻzbekistonda bank hisob raqamiga ega boʻlmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy pudratchi va yetkazib beruvchilarga toʻlovlarni amalga oshirishi mumkin boʻladi.

DXSh kelishuvi doirasida “Air Marakanda” tomonidan qurilgan yangi obyektlar shartnoma muddati davomida “Air Marakanda” kompaniyasiga tegishli boʻladi. Tugallangach, ular “Uzbekistan Airports” mulkiga oʻtkaziladi.

Aeroportni modernizatsiya qilish uchun olingan kreditni toʻlash uchun xususiy operator tomonidan toʻlangan pul soliqqa tortilmaydi.

“Air Marakanda” 2020-yilda aeroportlarni boshqarish, yoʻlovchilar va aviakompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash xizmatlarini koʻrsatish uchun tashkil etilgan. “Uzbekistan Airports” bilan tuzilgan shartnoma kompaniya uchun ham, umuman Oʻzbekistondagi aviatsiya uchun ham birinchi DXSh kelishuvi boʻldi.

Tomonlar Samarqand aeroportida qiymati $80 mln.dan ortiq boʻlgan modernizatsiya ishlarini amalga oshirdi. Bunyodkorlik ishlarida “Enter Engineering” kompaniyasi bevosita ishtirok etdi, Turkiyaning Kiklop kompaniyasi esa yangi terminal loyihasini tayyorladi.

2021-yil dekabr oyida “Uzbekistan Airports” tomonidan qurilgan yangilangan aerodrom majmuasi foydalanishga topshirildi. Terminal mart oyida ish boshlagan, aprel oyidan esa xalqaro reyslarni qabul qila boshlagan.

Avvalroq Spot Fargʻona vodiysida yangi aeroport, Buxoro va Urganchda yangi terminallar qurish rejalashtirilgani haqida yozgan edi.