Oʻzbekiston Transport vazirligi axborot xizmati xabariga koʻra, ikki yarim yillik tanaffusdan soʻng 16-maydan boshlab, “Olmaota-2 — Toshkent — Olmaota-2” yoʻnalishida ½-sonli “Tulpor-Talgo” poyezdining qatnovi qayta tiklandi.

Tarkibi 24 ta yoʻlovchi vagondan iborat boʻlgan poyezd bir tomonga harakatlanganda 425 nafar yoʻlovchini oʻz manziliga yetkazib qoʻyish imkoniyatga ega.

Harakat jadvaliga koʻra ushbu poyezd haftaning dushanba, chorshanba va shanba kunlari “Olmaota-2 temiryoʻl vokzalidan soat 18:32 da, shuningdek, haftaning seshanba, payshanba hamda yakshanba kunlari soat 12:39 da — Toshkent markaziy temiryoʻl vokzalidan harakatini amalga oshiradi.

Bundan avval Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida yoʻlovchi poyezdlari qatnovi tiklanayotgani xabar berilgandi.