Markaziy bank “Moliyaviy bilim” loyihasi doirasida hozirgi kunda keng tarqalgan firibgarlik turlari haqida videorolik tayyorladi. Bu haqda “Rasmiy xabarlar” kanali xabar bermoqda.

Katta meros

Eng ommalashgan firibgarlik usullaridan biri — bu meros haqidagi vaʼda. Elektron pochta yoki messenjerlar orqali sizga qaysidir xorijlik uzoq qarindoshingiz yoki familiyangiz oʻxshash inson tasodif tufayli sizga katta meros qoldirgani haqida xabar keladi.

Ushbu merosni qoʻlga kiritishdagi dastlabki xarajatlar sizning boʻyningizda boʻladi. Ushbu mablagʻni toʻlab boʻlganingizda esa aldanganingizni bilasiz.

Sovrinli yutuq

Bir qancha saytlarga kirganingizda sizga sovrinli yorliqlar taklif etiladi. Ularda qatnashish orqali siz qimmatbaho texnika vositalarini yutib olganingiz haqida xabar keladi.

Ushbu yutuqlarni oʻz yurtingizga yetkazib berilishi uchun esa sizdan mablagʻ yoki turli savollar orqali shaxsiy hisob raqamingiz haqida maʼlumot kiritishingiz talab etiladi. Shu orqali hisobingizdagi mablagʻ firibgarlar tomonidan yechib olinadi.

Telegram guruhlari

Oxirgi vaqtlarda avj olayotgan firibgarlik turlaridan yana biri — telegram guruhlarga odam qoʻshish orqali qanchadir mablagʻ bilan taqdirlanishdir.

Bu orqali firibgarlar oʻz guruh yoki kanallarida sunʼiy ravishda foydalanuvchilarni koʻpaytirishga yoki telefon nomer va plastik karta maʼlumotlarini bilib olib, hisobdan pul yechib olishga urinadi.

Shu tufayli turli aksiya va konkurslarga ishonib shaxsiy hisob maʼlumotlarini begonalarga oshkor etmaslik tavsiya etiladi, aks holda firibgarlik qurboniga aylanib qolish mumkin.